Bugun 29 may, 2025 yil, payshanba

КИР

Semizlik bolalarda jiddiy endokrin kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin

Semizlik bolalarda jiddiy endokrin kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin

Bolalarda kuzatiladigan semizlik — dunyo endokrinologlarini xavotirga solayotgan muammolardan biri. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda sayyoramizda 7 yoshdan 9 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning 29 foizi ortiqcha vaznga ega.

Biz bu mavzuda batafsil ma’lumot olish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Bolalar endokrinologiyasi bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Muxlisa Sharixsiyevaga murojaat qildik.

— Agar ota-onalar farzandlari rivojlanishida bo‘y o‘sishining sekinlashishi, ortiqcha vazn yoki aksincha, vazn yetishmasligi, horg‘inlik, zaiflik kabi holatlarni sezsalar, darhol bolalar endokrinologiga murojaat qilishlari kerak, — deydi mutaxassis.

Bu, asosan nosog‘lom ovqatlanish, ya’ni fastfudlar, tez tayyorlanuvchi mahsulotlar, shirinliklar, shokolad va gazlangan ichimliklarni haddan ziyod ko‘p iste’mol qilish bilan bog‘liq.

Bolalarda semirish besh yoshdan kuzatila boshlaydi. Bunga ko‘pincha maktabga chiqishdan oldin o‘g‘il-qizlar turmush tarzining keskin o‘zgarishi, ovqatlanish tartibining buzilishi sabab bo‘ladi.

Semizlikdan saqlanishning asosiy yo‘li muvozanatli taomlanishdir. Ayniqsa, nonushta qilishni kanda qilmaslik kerak. Chunki bola kun davomida quvvat beradigan kaloriya va uglevodlarning asosiy miqdorini ertalabki tanavvul paytida oladi. Nonushta bo‘tqa, tuxum, tvorog va mevalardan iborat bo‘lishi mumkin.

Tushlik va kechki ovqat ham vaqtida qilinishi kerak. Shuningdek, kun davomida zarur miqdorda suyuqlik ichishni ham unutmaslik zarur.

Bolaning rasionida ortiqcha uglevodlar bo‘lmasligi muhim. Ularni iste’mol qilish turmush tarziga bog‘liq. Chunki bunday moddalar tanadagi energiya manbai hisoblanadi. Shuning uchun, agar bola ko‘p harakatlansa va sport bilan shug‘ullansa, ko‘proq uglevodlarga muhtoj va aksincha, harakati kam bo‘lsa, uglevodni kamaytirgan afzal.

Bundan tashqari, iste’mol qilinadigan ovqat hajmiga ham e’tiborli bo‘lish lozim. Bolaga kattalar yeydigan porsiyani bermaslik kerak.

O‘g‘il-qizlardagi semizlikning asosiy xavfi keyinchalik ularda 2-toifa qandli diabet rivojlanishi mumkin. Ushbu kasallikning dastlabki belgilari tez-tez peshob qilish, tashnalik va sababsiz vazn yo‘qotishdir. Farzandingizda bunday belgilarni sezsangiz, darhol endokrinologga murojaat qilishing.

Kiritildi: 13:57 27.05.2025. O'qildi: 526 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!