Ruminiyaning yangi saylangan prezidenti Nikushor Dan ruminiyalik tinchlikparvarlarni Ukrainaga yuborishga qarshi chiqdi.
"Ruminiya hududida katta operativ yordamni tashkillashtirishni qo‘llab-quvvatlaymiz, ammo Ukrainada tinchlikni ta’minlaydigan qo‘shinlar tarkibida bo‘lishni ma’qullamaymiz. Menimcha, bu Ruminiya va Rossiya o‘rtasida allaqachon mavjud bo‘lgan taranglik sababli unchalik maqbul bo‘lmaydi", — deya fikr bildirdi Dan Politico nashriga bergan intervyusida.
Shu bilan birga, u tez orada Ukrainada tinchlik o‘rnatilishiga shubha bildirdi.
"Yaqin orada tinchlik o‘rnatilishiga unchalik optimistik qaray olmayman, lekin Yevropa davlatlari birgalikda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etish haqida qaror qilganidan mamnunman. Ukrainaliklarni ular o‘zlari uchun eng maqbul shakldagi tinchlikka erishmaguncha qo‘llab-quvvatlashimiz zarur", — deya ta’kidladi Ruminiyaning yangi prezidenti.