Bugun 13 may, 2025 yil, seshanba

КИР

Abdulla Aripov boshchiligidagi delegasiya Eronda — ikki tomonlama aloqalarda yangi bosqichga qadam

Abdulla Aripov boshchiligidagi delegasiya Eronda — ikki tomonlama aloqalarda yangi bosqichga qadam

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz hukumati delegasiyasi rasmiy tashrif bilan Eron Islom Respublikasida bo‘lib turibdi.

Amaliy uchrashuv va muloqotlar tashrif dasturiga muvofiq, 11-12 may kunlariga belgilangan.

Bugun, 11 may kuni Tehron shahridagi “Sa’dobod” majmuasida O‘zbekiston Bosh vaziri hamda mezbon mamlakat Birinchi vise-prezidenti Muhammad Rizo Oref boshchiligidagi hukumatlar delegasiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik har tomonlama rivojlanib borayotgani, bunda ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon o‘rtasida muntazamlik kasb etayotgan samimiy muloqotlar muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

Tomonlar ushbu uchrashuv hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etib, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini istiqbolda Prezidentlarimiz belgilab bergan 2 milliard dollarga chiqarish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildilar.

Xususan, transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Buning uchun mazkur yo‘nalishda ko‘p yillardan buyon o‘z yechimini kutayotgan muayyan masalalarni zudlik bilan hal etish yuzasidan sa’y-harakatlarni birlashtirib, aniq amaliy choralarni ko‘rish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, tomonlar sanoat kooperasiyasini rivojlantirish, mamlakatlarimiz hududlari aro aloqalarni faollashtirish, ilm-fan, ta’lim, texnologiya va innovasiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shu bilan birga, turizm, madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhim ekanini bildirdilar.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanishida tegishli vazirlik va idoralar yanada faol ishlashlari lozimligi aytildi.

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston va Eron o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi", Imtiyozli savdo Bitimining tovarlar ro‘yxatini tasdiqlash bayonnomasi, O‘simliklar himoyasi va karantini sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi, Halol standart sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi imzolandi.

Kiritildi: 19:05 11.05.2025. O'qildi: 604 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!