Mamlakatda raqamli somlarni qabul qilishdan bosh tortgan shaxslarga jarima solishni nazarda tutuvchi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritildi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov “Ayrim qonun hujjatlariga Qirg‘iziston Respublikasida milliy raqamli valyuta – raqamli somning huquqiy maqomi bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, Qirg‘iziston Respublikasining raqamli somini to‘lovga qabul qilishdan bosh tortish jismoniy shaxslarga 30 hisob ko‘rsatkichi (3 ming som), yuridik shaxslarga esa 130 hisob ko‘rsatkichi (13 ming som) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Shuningdek, qonunda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning firma nomlarida “raqamli som” va “raqamli som platformasi” so‘zlaridan foydalanish taqiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, raqamli som Qirg‘iziston Respublikasi hududida qonuniy to‘lov vositasi hisoblangan raqamli shakldagi Qirg‘iziston Respublikasining milliy valyutasi hisoblanadi.
Shuningdek, “Qirg‘iziston Respublikasi Milliy banki to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, “raqamli som” milliy raqamli valyutasining eksperimental modeli bo‘yicha tajriba loyihasi ishga tushirildi.