Hindiston tez orada Pokiston bilan tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni bekor qilishi mumkin. Bu haqda Pokistonning Gulistan News nashri xabar bermoqda.
Gazetaning yozishicha, Hindiston allaqachon 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi suvidan birgalikda foydalanish bo‘yicha kelishuvning amal qilishini to‘xtatgan va Pokiston bilan diplomatik aloqalar darajasini pasaytirganini e’lon qilgan.
"Bunga sabab, Hindiston Pokistonni 22 aprel kuni Kashmirning Pahalgam shahrida sodir bo‘lgan terrorchilik hujumiga aloqador deb hisoblamoqda, ushbu hujum oqibatida 28 kishi halok bo‘lgan edi", deb yozadi nashr.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlar bir necha marotaba imzolangan va bekor qilingan. Chunki ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat 1947 yilda ular Buyuk Britaniyadan mustaqillikka erishganidan buyon davom etib kelmoqda. So‘nggi kelishuv 2021 yil 25 fevralda kuchga kirgan edi.