Bugun 3 may, 2025 yil, shanba

КИР

2023 yil yozi: talabalar uchun eng yaxshi ish takliflari

2023 yil yozi: talabalar uchun eng yaxshi ish takliflari

Olx.uz saytining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, yoz nafaqat dam olish mavsumi, balki vaqtinchalik ish qidirish uchun ayni muddaodir. Ayniqsa, kelajakdagi ixtisosligiga qaramasdan, ta’til vaqtida pul ishlab olishni maqsad qilgan va pullik amaliyot orqali ish tajribasiga ega bo‘lishni istaydigan talabalar uchun bu ajoyib imkoniyatdir. Ushbu maqolada olx.uz platformasining mehnat bozori va uning vaqtinchalik ish turlari bo‘yicha yozgi takliflar statistikasi, shuningdek, talabalarni ishga joylashtirish bo‘yicha qonunchilik standartlari haqida so‘z yuritamiz.

Biz tomonimizdan internet-platformalari foydalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, 2021–2022 yillarda respondentlarning 68 foizi veb-saytlar tufayli bo‘sh ish o‘rinlarini topib, ishga joylashgan.

Ta’kidlash joizki, olx.uz elektron “mehnat bozori” muntazam yangilanib turadi. Ish beruvchilar ish izlovchilarga ularning so‘rovlariga: faoliyat sohasi, turli xil ish turlari, ish tartibi, geografik joylashuvi, ish haqi, ta’lim / professionallik / malaka darajasiga qarab ish taklif qiladilar.

Shunday qilib, 2022 yilning yoz mavsumida veb-saytga 5 523 ta vaqtinchalik, 60 911 ta doimiy ish o‘rinlari, bandlik turlari bo‘yicha 54 697 ta to‘liq va 11 217 ta to‘liq bo‘lmagan ish o‘rinlari joylashtirilgan. 2021 yilning yozida esa bu ko‘rsatkich nisbatan pastroq: vaqtinchalik 5250, doimiy 56988, to‘liq 52071 va to‘liq bo‘lmagan vaqt uchun 9947 ta ish o‘rni mavjud bo‘lgan.

2022-2021 yillar davomida ish beruvchilar reytingi barqaror bo‘lib, Toshkent yetakchi o‘rinni, turistik shahar sifatida Samarqand ikkinchi, Buxoro esa uchinchi o‘rinni egallagan.

2022 yilda yozgi mavsumning oylik ish haqi 180-200 ming so‘mdan 30-35 million so‘mgacha, 2021 yilda esa 160 ming so‘mdan 25-30 million so‘mgacha bo‘lgan.

Mavsumiy ishlar bo‘yicha takliflar reytingiga ko‘ra, 2021-2022 va 2020 yillarning xuddi shu davri uchun Top 10 talikdan: barlar/restoranlar/ovqatlanish, chakana savdo/sotuv, ishlab chiqarish/energetika, qurilish, xizmatlar/maishiy xizmat ko‘rsatish, transport/ logistika, ta’lim, marketing/reklama/dizayn, uy xizmatlari, tibbiyot/dorixona, IT/telekommunikasiya kabi sohalar o‘rin olgan.

Ko‘p sonli ish takliflari, mavsumiy to‘liq bo‘lmagan ish vaqti yoki doimiy ishga joylashish istiqbollari bilan bir qatorda, ish qidiruvchilarning soxta ish beruvchilar tuzog‘iga tushib qolishi xavfi ham mavjud, afsuski, olx.uz sayti buni darhol aniqlay olmaydi. “Juris” yuridik startap ekspertlari/advokatlari ish qidiruvchilarga hushyor bo‘lishni maslahat beradilar. Olx.uz sayti ular bilan birgalikda ish qidiruvchilar uchun huquqiy eslatma tayyorladi (saqlab oling, qo‘l keladi).

1. O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, Mehnat kodeksi va “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun asosiy me’yoriy-huquqiy hujjatlar (MEH) hisoblanadi. Biroq bu borada Prezident va Vazirlar Mahkamasining aholining alohida toifalarini ish bilan ta’minlashni tartibga soluvchi yoki rag‘batlantirishga qaratilgan ko‘plab qarorlari mavjud.

2. Umumiy qoidalarga ko‘ra, rasmiy ishga 16 yoshdan boshlab ruxsat etiladi - bu yoshdan boshlab shaxsning mehnat qobiliyati boshlanadi. Biroq, Mehnat kodeksining 118-moddasida keltirilgan istisno holatiga ko‘ra, yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun 15 yoshdan boshlab, 15 yoshgacha esa madaniy-ko‘ngilochar tashkilotlarga ota-onalarning roziligi bilan ruxsat etilishi mumkin.

3. Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish vaqtining uch turi mavjud: normal, qisqartirilgan va to‘liq bo‘lmagan ish vaqti.

To‘liq bo‘lmagan ish kunida, ya’ni qisqartirilgan ish soatlarida quyidagilar ishlashi mumkin:

– 18 yoshga to‘lmagan shaxslar;

– I va II guruh nogironlari;

– mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan joyda ishlaydigan shaxslar;

– ishi hissiy, aqliy va asabiy taranglikning kuchayishi bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslar (masalan, shifokorlar va o‘qituvchilar);

– uch yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasidan biri (vasiysi) (agar u budjet tashkilotida ishlayotgan bo‘lsa).

Ushbu toifadagilar uchun kundalik ishning maksimal davomiyligi Mehnat kodeksining 183-moddasida tavsiflangan. Shuningdek, 186-moddada ish beruvchi xodimni to‘liq bo‘lmagan ish kuniga o‘tkazishi shart bo‘lgan holatlar mavjud - bu to‘liq bo‘lmagan ish kuni yoki ish haftasi ham bo‘lishi mumkin.

4. Xodim uchun ish vaqtining normal muddati (5 yoki 6 kunlik) ish haftasiga 40 soatdan ortiq bo‘lmasligi belgilangan.

5. Mehnat shartnomasi xodim va ish beruvchi o‘rtasida, ularning mavqeyidan qat’iy nazar, majburiy ravishda tuziladi. Mehnat shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazishda mehnat daftarchasi va mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Yagona milliy mehnat tizimida” (http://mehnat.uz/) avtomatik tarzda shakllantiriladi. Xodimning mehnat daftarchasi avtomatik ravishda to‘ldirilishi uchun ish beruvchining mehnat shartnomasini tuzishi va u to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimga kiritishi kifoya qiladi.

6. Mehnat shartnomasi talabalar bilan tuzilgan taqdirda, uning tuzilish tartibi o‘zgarmaydi. Agar xodim 15-16 yoshda bo‘lsa, ota-onaning (vasiyning) roziligi talab qilinishi mumkin.

7. Suhbat va/yoki ishga joylashish vaqtida, birinchi navbatda, ariza beruvchi ish beruvchi bilan barcha asosiy shartlar (ish haqi, ish joyi, ish haftasi, ta’til va h.k.) bo‘yicha kelishib olishi va undan kelishilgan shartlarni mehnat shartnomasiga kiritishni talab qilishi kerak. Bundan tashqari, talabalar universitetga qaysi kunlarda ketishi kerakligini, kuniga qancha vaqt ishlashga tayyorligini oldindan muhokama qilishlari va ish jarayonida ruxsat etiladigan chegaralarni aniq belgilashlari muhimdir. Xuddi shu tarzda, ushbu shartlarni shartnomaga kiritishni talab qilishlari kerak. Talabalar umumiy asosda ishga qabul qilinsa, boshqa xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan qoidabuzarliklar talabalarga ham tegishli bo‘lishi mumkin. Va bu yerda ahamiyat berish kerak bo‘lgan yana bir narsa: agar ish kuni soat 19:00 gacha davom etsa va talaba yettidan oldin o‘qishga ketgan bo‘lsa, bu qonuniy ravishda ichki tartib-qoidalarning buzilishi sifatida baholanadi va ishdan bo‘shatish uchun asos bo‘ladi.

Mehnat kodeksida talabalar va oliy o‘quv yurtini endigina tamomlaganlar uchun ko‘plab kafolatlar mavjud. Asosiysi, ish beruvchidan mehnat shartnomasidagi barcha shartlarni hisobga olishni so‘rashdan yoki ish jarayonida ularni amalga oshirishni talab qilishdan qo‘rqmaslikdir.

8. Talabalar uchun ko‘p holatlarda sinov muddati belgilanishi mumkin. Biroq, bu borada juda ko‘p istisnolar mavjud. Sinov muddati quyidagi hollarda taqiqlanadi:

– xodim aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga kiritilganligi;

– grant asosida o‘qigan va universitetni tamomlagan kundan boshlab 3 oy mobaynida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga kirishgan oliy o‘quv yurti bitiruvchilari;

– o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalarini bitirgan kundan boshlab 1 yil mobaynida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha birinchi marta ishga qabul qilingan bitiruvchilar;

– 6 oydan kam muddatga shartnoma tuzilgan xodimlar;

– 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar.

Yuqoridagilar ko‘proq talabalarni ish bilan ta’minlash haqida bo‘lib, 129-moddada dastlabki sinov muddati belgilanishi taqiqlangan ishchilarning bir qator toifalari bilan tanishishingiz mumkin.

9. Vaqtinchalik yoki doimiy ishga joylashish uchun ariza berishda siz Mehnat kodeksining 124-moddasiga muvofiq hujjatlar/ma’lumotnomalar ro‘yxatini taqdim etishingiz kerak (https://www.kadry.uz/article/177-perechen-dokumentov-pri-prieme -na-rabotu-v-2022-godu)

Ma’lumot uchun:

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 9,6 foizdan 8,9 foizga kamaygan. O‘tgan yili 2,7 million kishi doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, 4 million kishi mavsumiy ishlarga jalb yetilgan. Aytish joizki, 1,1 million o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning umumiy soni 2 million kishidan oshdi. (Muallif izohi: O‘z-o‘zini ish bilan ta’minlovchilar - daromad olish uchun mustaqil ravishda ish izlayotgan va ishlayotgan shaxslar. Bularga repetitorlar, enagalar, kuryerlar, dasturchilar va boshqalar kiradi. O‘z-o‘zini ish bilan ta’minlovchilar faoliyati O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida nizom bilan tartibga solinadi. 2021 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 68 ta faoliyat turi mavjud. Agar xohlasangiz, bir vaqtning o‘zida ulardan bir nechtasini tanlashingiz mumkin. Ayni vaqtda ushbu akt tahrir qilinmoqda. https://lex.uz/docs/4849605)

OAV uchun aloqa:

Zarnigor Usmonova

PR mutaxassis

Telefon: +99890 03817 66

Kiritildi: 12:04 26.06.2023. O'qildi: 4588 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!