Gruziyaning amaldagi prezidenti Salome Zurabishvili, Mixail Kavelashvilining yangi davlat rahbari etib saylanganiga qaramay, 29 dekabr kuni vakolati nihoyasiga yetsa ham o‘rnini bo‘shatmasligini yana bir bor ta’kidladi.
– Ha, hech narsa o‘zgarmadi, -dedi Zurabishvili Shveysariyaning “Temps” gazetasiga bergan intervyusida.
Shuningdek, u Yevropa Ittifoqini namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Prezidentning aytishicha, u endi hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi bilan hech qanday aloqada emas.
Ma’lumki, 14 dekabr kuni Rustaveli prospektidagi Gruziya parlamenti binosida mamlakatning yangi prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Shu kuni kechga borib Markaziy saylov komissiyasi hukmron “Gruziya orzusi” partiyasidan nomzod Mixail Kavelashvili Gruziya prezidenti etib saylanganini e’lon qildi.
Zurabishvilining fikricha, “noqonuniy parlament bilan qonuniy prezidentlik saylovlari bo‘lishi mumkin emas”. Shundan kelib chiqib, Zurabishvili o‘zini mamlakatdagi hokimiyatning yagona qonuniy vakili deb e’lon qildi. Bunga javoban, davlat bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Zurabishvilining “ruhiy holatini” tushunishini, lekin u inaugurasiya kuni o‘z qarorgohini tark etishi lozimligi va bu binoni qonuniy saylangan prezidentga topshirishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat aholisi Bryussel va Vashingtonda choralar ko‘rilishini kutmoqda.
Bosh vazir Irakliy Kobaxidze o‘lkaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlash masalasini ko‘rib chiqishni 2028 yilgacha to‘xtatish qarorini e’lon qilganidan keyin, 28 noyabr kuni Gruziyada muxolifatining navbatdagi norozilik namoyishlari boshlanib ketdi.
“RIA Novosti” xabariga ko‘ra, kecha seshanba kuni ham Tbilisida hukumatga qarshi norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tgan.
Siyosiy tahlilchilar Salome Zurabishvili parlament va prezident saylovi natijalarini tan olmasligi, o‘z vakolatlarini topshirmasligi shundoq ham o‘ta tarang bo‘lib turgan mamlakatdagi siyosiy vaziyat yanada keskinlashishi mumkinligini aytmoqda.