29 may kuni Jizzax viloyatining Zomin milliy tabiat bog‘ida “Zaamin Ultra” xalqaro tog‘ ultramarafoni o‘tkazildi.
Ultramarafon insonlarni sog‘lom turmush tarziga rioya qilishga, shuningdek mamlakatda ichki turizni rivojlantirish va madaniy hamda sport aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Ultramarafon dunyoning eng yaxshi top-100 talik poygalari qatoridan o‘rin olgan Samarkand Marathon xayriya poygalari tarkibiga kiradi. 2022 yilgi poygalarning maqsadi ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan odamlar uchun muzeylarni moslashtirishdan iboratdir. Zomindagi yugurish trassasi nihoyatda go‘zal manzara va tabiatining boyligi bilan ajralib turadi. Ushbu trassa ancha vaqtdan beri murakkab hisoblangan yo‘l bo‘ylab o‘tadi. 20 ga yaqin davlatdan kelgan ishtirokchilar dengiz sathidan 2500 metr balandlikda joylashgan masofani yugurib o‘tishlari mumkin va bu har bir qatnashchiga o‘zini sinab ko‘rish uchun zo‘r imkoniyatdir!”, - deydi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva.
Ishtirokchilar to‘rt masofa: 2, 10, 21 va 50 km yo‘lni yugurib o‘tishdi.
Bu yil “Zaamin Ultra” dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 1200 dan ziyod ishtirokchini jamladi. Bular – AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya, Kanada, Yangi Zelandiya, Rossiya, Gruziya, Belarus, Ukraina, Isroil, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, O‘zbekiston va boshqalar.
Yugurish bellashuvi davomida 10 nafar ko‘ngilli tibbiyot xodimi navbatchilik qildi, shu bilan birga, 7 ta tez yordam ekipaji xizmat qildi, 48 nafar ko‘ngilli trassada ishladi, ularning 25 nafari birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha Qizil yarim oy jamiyatida maxsus o‘quv kurslarini o‘tagan.
Erkaklar orasida 50 km masofada quyidagi ishtirokchilar g‘olib bo‘lishdi:
• birinchi o‘rin – Artur Shaipov;
• ikkinchi o‘rin – Rafael Zinnurov;
• uchinchi o‘rin – Oleg Parsegov.
Ayollar orasida 50 km masofada g‘oliblar:
• birinchi o‘rin – Malika Maksudova;
• ikkinchi o‘rin – Dilfuza Allayarova.
50 km masofaga yugurish musobaqalarida jami 35 nafar ultramarfonchi qatnashdi.
Erkaklar o‘rtasida 21 km masofada g‘oliblar:
• birinchi o‘rin – Andrey Sharipov;
• ikkinchi o‘rin – Semyon Shadin;
• uchinchi o‘rin – Semyon Sevastyanov.
Ayollar orasida 21 km masofada g‘oliblar:
• birinchi o‘rin – Natalya Pitayeva;
• ikkinchi o‘rin – Diana Valiyeva;
• uchinchi o‘rin – Albina Avakyan.
Erkaklar o‘rtasida 10 km masofada g‘oliblar:
• birinchi o‘rin – G‘iyosjon Erkaboyev;
• ikkinchi o‘rin – Isroil Ravshanov;
• uchinchi o‘rin – Suxrob Kobilov.
Ayollar orasida 10 km masofada g‘oliblar:
• birinchi o‘rin – Madina Sagatova;
• ikkinchi o‘rin – E’zozaxon Xashimova;
• uchinchi o‘rin – Oynuri Koshmurodov.
Tadbir doirasida shuningdek elektron musiqa konserti ham bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan o‘tkaziluvchi “Zaamin Ultra” Samarqand marafonining bir qismi hisoblanadi.