Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy sentyabr-oktyabr oylarida G‘arb mamlakatlariga taqdim etilgan g‘alaba rejasining maxfiy nuqtalaridan birida ittifoqchilardan uzoq masofali "Tomahawk" qanotli raketalarini so‘radi. Bu haqda 29 oktyabr kuni The New York Times gazetasi AQShning yuqori martabali amaldoriga tayanib xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda rejaning "cheklov" deb nomlanuvchi bandining maxfiy ilovasida aytilgan. NYT suhbatdoshi Zelenskiy talabini "mutlaqo amalga oshirib bo‘lmaydigan" deb atadi.
Tomahawk raketalarining uchish masofasi 2400 kilometrdan oshadi, bu 2024 yilda AQSh Ukrainaga taqdim etgan ATACMS raketalari masofasidan yetti baravar ko‘pdir.