Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Fransiyadagi muzokaralarda urushni tugatish uchun asosiy asosning eng murakkab masalalari, xususan, Zaporojye atom elektr stansiyasi va uning hududlari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Bu haqda Zelenskiy o‘zining Telegram’dagi kanalida yozdi.
Unga ko‘ra, Rustem Umerov bugun Fransiyada ukrainalik muzokaralar guruhining ishi bo‘yicha o‘zining birinchi hisobotini taqdim etdi. AQSh prezidenti vakillari bilan muzokaralarning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tadi va bu ikki kun ichida uchinchi shunday sessiyadir.
"Urushni tugatish uchun asosiy asosning eng murakkab masalalari, ya’ni Zaporijjya atom elektr stansiyasi va uning hududlari muhokama qilinishini kutamiz. Shuningdek, men jamoaga Ukraina, boshqa Yevropa davlatlari va AQSh rahbarlari darajasidagi uchrashuvlarning mumkin bo‘lgan formatlarini muhokama qilishni topshirdim", deb yozgan Zelenskiy.
Prezident Ukraina eng murakkab masalalardan chetda qolmasligini va hech qachon tinchlikka to‘sqinlik qilmasligini ta’kidladi: "Tinchlik hurmatli bo‘lishi kerak. Bu esa bizning sheriklarimizga bog‘liq - ular Rossiyaning urushni tugatishga chinakam tayyorligini ta’minlaydimi".
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Parijda bo‘lib o‘tgan “Irodalar koalisiyasi” yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Ukraina hududiga xalqaro kuchlarni joylashtirish niyati to‘g‘risidagi deklarasiyani imzolagan edi. Ishtirokchilar Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlari deklarasiyasini ham imzoladilar.