Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Federasiyasi bilan har tomondan 1200 nafar asirni almashish bo‘yicha tayyorgarlik olib borilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Zelenskiy bu masalani Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov hamda Prezident idorasi rahbari Andrey Yermak bilan muhokama qilgan. Unda Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralar natijalari va navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘tarilgan.
"Asosiy masalalardan biri — harbiy asirlarni almashishni davom ettirish. Har tomondan 1200 kishini almashish bo‘yicha kelishuv mavjud, ro‘yxatlar ustida ish davom etmoqda. SNBO kotibi rossiyalik vakil bilan olib borilgan muloqot haqida axborot berdi", — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Zelenskiyga ma’lum qilishlaricha, Ukraina fuqarolarini qaytarishni tiklash bo‘yicha ham ish olib bormoqda — har bir fuqaro yuzasidan ma’lumot aniqlanmoqda.
Andrey Yermak esa AQSh hamda boshqa asosiy diplomatik hamkorlar bilan muloqot va Rossiyaga olib ketilgan ukrain bolalarni qaytarish bo‘yicha harakatlar to‘g‘risida hisob bergan.
Uchrashuvda, shuningdek, Ukrainaning havo himoya tizimini rivojlantirish va Rossiyaning harbiy logistikasiga uzoq masofali zarbalar masalalari ham muhokama qilindi.