Vladimir Zelenskiy Rossiya qo‘shinlarini “Pasxa sulhi”ni buzishda aybladi va bunga tegishli javob berilishini va’da qildi.
"Rossiya harbiylari e’lon qilingan sulhga rioya qilmayapti va Ukraina Qurolli kuchlari pozisiyalariga hujum qilishda davom etmoqda", — deb yozdi Ukraina prezidenti Telegram-kanalida.
Zelenskiyning ma’lum qilishicha, yakshanba tongida frontning turli yo‘nalishlarida rossiyaliklar tomonidan 59 ta o‘q uzish holati va 5 ta hujum harakati qayd etilgan.
"Bizning askarlarimiz hamma joyda dushman bu jangovar vaziyatda qanday munosabatga loyiq bo‘lsa, shunday javob berishmoqda. Ukraina bundan keyin ham muvofiq harakat qiladi", – deya ta’kidladi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shanba kuni kechqurun Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiya tomonidan 387 ta o‘q uzish va 19 ta hujum harakatini qayd etgan.
"Umuman olganda, Pasxa tongida shuni aytishimiz mumkinki, Rossiya armiyasi o‘t ochishni to‘xtatgandek umumiy taassurot uyg‘otishga harakat qilmoqda, biroq ayrim joylarda hujum qilish va Ukrainaga talafot yetkazishga urinishlarni to‘xtatmayapti",– deya xulosa qildi Ukraina prezidenti.
Shu bilan birga, Zelenskiy Rossiyani otashkesimga rioya qilishga chaqirdi va Kiyevning sulhni Pasxadan keyingi 30 kun davomida ham uzaytirish taklifini yana bir bor tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, 19 aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 19 aprel kuni soat 18:00 dan 21 aprel 00:00 gacha Pasxa munosabati bilan sulh e’lon qilgan edi. Kreml matbuot xizmati xabar berishicha, bu 30 soatlik davr mobaynida Rossiya qo‘shinlariga barcha jangovar harakatlarni to‘xtatish buyrug‘i berilgan.