Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy «bugun Rossiya Gruziyada g‘alaba qozondi», deb hisoblaydi. Bu haqda Ukraina davlati rahbari shimoliy mamlakatlarning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozadi «Evropeyskaya Pravda».
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bugun Rossiya Gruziyada avval hududning bir qismini egallab, keyin esa «siyosat va hukumat»ni o‘zgartirish orqali «yutdi».
«Rossiya bugun Gruziyada g‘alaba qozonganini tan olishimiz kerak. Avval Gruziyaning bir qismini oldilar, keyin siyosatni o‘zgartirdilar, hukumatni o‘zgartirdilar, endi esa rossiyaparast hukumat, rossiyaparast pozisiyalar mavjud. Putinga qarshi sanksiya yo‘q, Gruziyada ko‘p ruslar bor. Ularning tanlovi Rossiya bilan do‘stlik, ularning tanlovi Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish emas. Ular o‘z pozisiyalarini o‘zgartirdilar. Bugun Rossiya g‘alaba qozondi. Ular Gruziyaning erkinligini tortib oldilar», dedi Zelenskiy.
Moldovadagi vaziyatni izohlar ekan, Zelenskiy Rossiya «bir yo‘nalishda harakat qilayotganini» aytdi.
«Ko‘rasiz, Rossiya ham xuddi shunday ketmoqda. Ular ham xuddi shunday qilishni istaydi va agar G‘arb qizil chiziqlar haqidagi gaplarini to‘xtatmasa, shunday qiladi. Agar ular buni to‘xtatib, ritorikani davom ettirmasalar, bir-ikki yil ichida Moldovani yo‘qotadilar», - deydi Ukraina rahbari.