Zelenskiy AQSh bosimi ortidan prezidentlik saylovi va Rossiya bilan tinchlik kelishuvi bo‘yicha referendum o‘tkazilishini e’lon qilishi mumkin — Financial Times.
Nashrning yozishicha, Tramp ma’muriyati Kiyevdan 15 maygacha saylov o‘tkazishni talab qilib, aks holda mamlakatni xavfsizlik kafolatlaridan mahrum qilish bilan tahdid qilgan.
Financial Times manbalariga ko‘ra, bu jarayon Oq uy tomonidan Kiyevga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini bahorgacha yakunlash maqsadida kuchli bosim o‘tkazilayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda.
Ukraina prezidenti Zelenskiy o‘tgan juma kuni jurnalistlarga AQSh urushni yoz boshigacha yakunlashni taklif qilayotganini aytgan edi.
"Saylovlar o‘tkazilishi Ukraina prezidenti uchun keskin siyosiy burilish bo‘ladi. U avvalroq mamlakatda harbiy holat amal qilayotgan va millionlab ukrainaliklar ko‘chirilgan bir paytda va mamlakat hududining qariyb 20 foizi Rossiya tomonidan bosib olingan sharoitda saylov o‘tkazish imkonsiz ekanini bir necha bor ta’kidlagan edi", deya yozmoqda nashr.
FT manbalarining ma’lum qilishicha, Zelenskiy prezidentlik saylovlari va referendum o‘tkazish rejasini 24 fevral kuni — Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangani to‘rt yilligi sanasida e’lon qilishni rejalashtirmoqda.