Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 10 iyun kuni ma’lum qilishicha, G7 sammiti 15–17 iyun kunlari Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida, Jeneva ko‘li sohilida o‘tkaziladi. Unda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy ham ishtirok etadi.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya va uning hamkorlari uchun Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha G7 davlatlari o‘rtasidagi yakdillikni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.
“Biz uchun bu juda muhim, chunki Ukrainaga ko‘mak berish masalasida G7 doirasidagi konsensusni tiklashimiz kerak”, — dedi Fransiya prezidenti.
Uning ta’kidlashicha, sammit doirasida Rossiya-Ukraina urushiga barham berish imkoniyatlari va muzokaralar jarayoni ham muhokama qilinadi.
Sammit kun tartibidan Yaqin Sharqdagi vaziyat ham o‘rin olgan. Xususan, Eron atrofidagi keskinlikka bag‘ishlangan alohida sessiya tashkil etiladi. Unda Misr, Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari rahbarlari ham ishtirok etadi.
Bundan tashqari, sammit doirasida “Shimol — Janub hamkorligi” mavzusida maxsus konferensiya ham tashkil etiladi. Unda Janubiy Koreya, Hindiston, Keniya va Braziliya vakillari qatnashishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Xitoydan ham vakillar kelishi kutilmoqda.