Kecha AOKAda Yoshlar ittifoqi va Bosh prokuratura vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi.
Unda jurnalist Yoshlar ittifoqi vakiliga savol bilan murojaat qildi.
“Devorga rasm chizish, plakatga rasm chizish, bayon yozish kabi tadbirlar bilan cheklanyapsizlar. Yoshlar Ittifoqi tashkil etilayotganda unga yoshlar masalalari bo‘yicha juda katta vakolatlar berilgan edi. Nima deb o‘ylaysiz, korrupsiyaga qarshi kurashishda tadbirlaringizning sifati, samaradorligi eskirib qolmadimi? Qachongacha devorga rasm chizish, asfaltga rasm chizishlar bilan cheklanasizlar?”
“Yoshlar ittifoqi asosan jamoat tashkiloti hisoblanadi, — dedi Ittifoq vakili Akmal Alimov. — Bizning asosiy ishimiz — targ‘ibot, tushuntirish, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishdan iborat. Asfaltga, devorga yoki plakatga rasm chizish tanlovlari asosan maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi. Faqat rasm chizish emas, huquqiy targ‘ibot tadbirlari, konferensiyalar ham tashkil etamiz. Bu yildan on-layn seminarlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi, bunda har bir sohaning mutaxssislari ishtirokida videoselektor tarzida yoshlarga ma’ruzalar o‘qib beriladi”.