Yigirmaga yaqin bola Andijon viloyatidan Qoraqalpog‘istonga uchta Damas mashinasida olib ketilayotgani aniqlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd qilinishicha, 15 dekabr kuni Buxoro viloyati hududida uchta Damas to‘xtatilgan. Mashinalarda 3 nafar murabbiy va yigirmaga yaqin bola borligi aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, bolalar 1,5 ming kilometr masofaga, Nukus shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan kurash musobaqasiga olib ketilgan. Har bir mashinada 6−7 nafar bola va bir murabbiy bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan bolalar guruhi, umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilari faqat maxsus jihozlangan xizmat avtomobillaridan foydalangan holda, ichki ishlar organlari kuzatuvida tashilishi belgilangan.