AQSh Geologiya xizmati (USGS) seysmologlari Kaliforniya hududida kuchli zilzila sodir bo‘lish ehtimolligi keskin oshganidan ogohlantirdi, deb xabar beradi Bild.
Qayd etilishicha, Shimoliy Kaliforniya sohillarida o‘tgan bir kechaning o‘zida bir necha daqiqa farq bilan yettita yerosti silkinishi yuz bergan. Qurbonlar va talafotlar kuzatilmagan, ammo mutaxassislar buni xavotirli signal sifatida baholamoqda.
USGS vakili Sara Minsonning so‘zlariga ko‘ra, San-Fransiskoda 2055 yilgacha Big One deb atalayotgan kuchli zilzilaning sodir bo‘lish ehtimolligi 72 foizga yetgan. Keyingi 30 yil ichida Shimoliy Kaliforniyada 6,7 magnitudali yoki undan kuchli zilzilaning yuz berish ehtimoli yuqori. Ayrim ekspertlar bu yanada ertaroq — 2032 yilgacha sodir bo‘lishini taxmin qilmoqda.
Mutaxassislar orasida alohida xavotir uyg‘otayotgan narsa — bu deyarli 1300 kilometrga cho‘zilgan San-Andreas yorig‘i bo‘lib, u butun San-Fransisko ko‘rfazi mintaqasidan o‘tadi.
Olimlarning hisoblashicha, aynan shu yerda navbatdagi halokatli zilzila yuz berishi mumkin. San-Fransiskoda oxirgi yirik zilzila 1989 yilda kuzatilgan va 63 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan edi, shuningdek, o‘shanda 4 mingga yaqin odam jarohat olgan.