Bugun 19 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

«Yaqin Sharqqa so‘nggi 3000 yil ichida ilk bor tinchlik olib keldim» – Tramp

«Yaqin Sharqqa so‘nggi 3000 yil ichida ilk bor tinchlik olib keldim» – Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp millatga qilgan navbatdagi murojaatida o‘z ma’muriyati faoliyatini yuqori baholab, mamlakatdagi mavjud muammolar uchun sobiq prezident Jo Bayden boshchiligidagi demokratlarni aybladi. Taxminan 20 daqiqa davom etgan chiqishida u iqtisod, xavfsizlik, migrasiya va tashqi siyosat masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Trampning ta’kidlashicha, u hokimiyatga kelgan paytda AQSh «tartibsizlik holatida» bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, demokratlar davrida mamlakat chegaralari ochiq qolib, AQShga noqonuniy migrantlar, jumladan jinoyatchilar ham kirib kelgan. Shuningdek, u oldingi ma’muriyatni milliy manfaatlarni emas, balki «boshqa davlatlar va guruhlar manfaatini himoya qilgan»likda aybladi.

Prezident Tramp oxirgi 11 oy ichida o‘z ma’muriyati AQSh tarixidagi eng katta ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda mamlakatga birorta ham noqonuniy migrant kirib kelmagan. Bu holatni u qat’iy siyosiy iroda va yangi siyosat natijasi sifatida baholadi.

Xavfsizlik masalalariga to‘xtalar ekan, Tramp Vashington hozir «eng xavfsiz davrni» boshdan kechirayotganini aytdi. U narkokartellarga qarshi kurash kuchaytirilganini, AQSh armiyasi esa dunyodagi eng qudratli kuch bo‘lib qolishini alohida qayd etdi. Shu bilan birga, u bir necha xalqaro mojarolarni bartaraf etganini va Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatishga hissa qo‘shganini da’vo qildi.

«Bu davr ichida men 8 ta urushni bartaraf etdim, Yaqin Sharqqa ilk bor so‘nggi 3000 yil ichida tinchlik olib keldim va isroillik garovdagilarning ozod etilishiga yordam berdim», – deydi Tramp.

Iqtisodiy sohada esa Tramp inflyasiya pasaygani, ish haqlari o‘sib, yangi ish o‘rinlari yaratilayotganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu yutuqlarga erishishda bojxona bojlari muhim o‘rin tutgan.

«Bojlar – mening eng sevimli so‘zim», – deya ta’kidlagan prezident, aynan shu siyosat orqali katta moliyaviy mablag‘lar AQShga qaytib kelayotganini aytdi.

Chiqish yakunida Tramp Amerika xalqaro maydonda yana obro‘-e’tibor qozonganini, mamlakat yangi iqtisodiy yuksalish ostonasida turganini ta’kidladi. U yaqin yillarda AQShda futbol bo‘yicha jahon chempionati, Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilishi, shuningdek, Mustaqillik deklarasiyasining 250 yilligi nishonlanishini eslab o‘tdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 2026 yilga kelib dunyo AQShni o‘z fuqarolariga sodiq, o‘z qadriyatlariga ishongan va kelajagiga qat’iy ishonch bilan qaraydigan qudratli davlat sifatida ko‘rishi kerak.

Kiritildi: 14:51 18.12.2025. O'qildi: 232 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!