Eron va Isroil o‘rtasidagi harbiy tartibsizliklar oqibatida O‘zbekiston aviakompaniyalari ayrim parvozlarni o‘zgartirish yoki bekor qilishga majbur bo‘ldi. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan bir qator davlatlar havo hududi vaqtincha yopildi.
13 iyunga o‘tar kechasi Isroil tomonidan Erondagi yadroviy va harbiy ob’ektlarga zarbalar berilganidan so‘ng, Yaqin Sharq mintaqasida havo parvozlari xavfsizligiga tahdid yuzaga keldi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston aviakompaniyalari ayrim xalqaro reyslarni qayta ko‘rib chiqdi.
«Air Samarkand» kompaniyasi 15 iyun kuni amalga oshirilishi kerak bo‘lgan Samarqand–Tel Aviv yo‘nalishidagi reysni bekor qilganini ma’lum qildi. Bunga Ben-Gurion xalqaro aeroporti va mintaqadagi havo hududining vaqtincha yopilishi sabab bo‘lgan. Kompaniya boshqa kunlardagi reyslar haqida keyinroq qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi.
Shuningdek, «Centrum Air» aviakompaniyasi ham xavfsizlik choralari tufayli o‘z reyslarida o‘zgarishlar qilishini e’lon qildi. Eron, Iroq, Suriya va Iordaniya havo hududining vaqtincha yopilishi tufayli ayrim reyslar aylanma yo‘nalishlar orqali amalga oshiriladi. Xususan, Toshkent–Dubay reysi 14 iyun kuni boshqa yo‘nalish orqali parvoz qilishi e’lon qilindi.
Umuman, BAA va Qatardan O‘zbekistonga kelayotgan reyslar Eron orqali emas, Pokiston va Afg‘oniston orqali aylanib uchishga majbur bo‘lmoqda.
«Uzbekistan Airways» kompaniyasi esa Haj safari doirasida Jiddadan amalga oshiriladigan reyslar va Sharm ash-Shayx yo‘nalishlarida ham o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Milliy tashuvchi barcha o‘zgarishlar haqida rasmiy Telegram-kanallari orqali xabardor qilishini ta’kidlagan.
Barcha yo‘lovchilarga parvozlar haqidagi ma’lumotlarni aeroportlardagi axborot tablolari yoki elektron manzillari orqali kuzatib borish tavsiya qilindi. Bekor qilingan reyslar uchun chiptalarning to‘liq qaytarilishi yoki boshqa sanalarga ko‘chirilishi mumkin.