Tokio "hududiy masalani hal qilish" va Rossiya bilan tinchlik shartnomasini imzolashga qaratilgan siyosatini davom ettiradi. Bu haqda Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaiti ma’lum qildi, deya xabar beradi TASS.
"Biz hududiy masalani hal qilish va tinchlik shartnomasini tuzishga qaratilgan hukumat siyosatini davom ettiramiz", — dedi u parlamentdagi nutqi chog‘ida.
Takaitining ta’kidlashicha, Yaponiyada "shimoliy hududlar" deb ataladigan Janubiy Kuril orollari Tokio nuqtai nazaridan "tarixiy jihatdan ham, xalqaro huquq nuqtai nazaridan ham" Yaponiya hududi hisoblanadi.
Moskva va Tokio XX asr o‘rtalaridan buyon Ikkinchi jahon urushi yakunlari bo‘yicha tinchlik shartnomasini tuzish yuzasidan muzokaralar olib borib kelgan. Asosiy to‘siq Kuril orollarining janubiy qismiga egalik masalasidagi kelishmovchilik bo‘lib qolmoqda.
Urushdan keyin butun arxipelag Sovet Ittifoqi tarkibiga kiritilgan. Yaponiya Iturup, Kunashir, Shikotan hamda bir guruh kichik va aholi yashamaydigan orollarga egalik masalasini bahslashib keladi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu hududlar ustidan Rossiya suvereniteti xalqaro-huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgani va shubha ostiga qo‘yilmasligini bir necha bor ta’kidlagan. Takaitining yangi bayonoti yuzasidan Rossiya tomonidan hozircha izoh berilmagan.