Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari Yaponiyada qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan islohotlar va uning natijasini o‘rganib chiqdi.
Yaponiyada qishloq xo‘jaligi bir necha rivojlanish bosqichini boshdan kechirdi. Undagi dastlabki tub o‘zgarishlar 70-yillarda ro‘y berdi.
Birinchi bosqich (1870-1945 yillar)da yerga nisbatan xususiy mulkchilik tizimi yaratildi. Dastlab xorijdan qishloq xo‘jaligi texnikasi, zotdor chorva mollari, turli xil ekin urug‘lari hamda ko‘chatlari import qilindi va ularni moslashtirish ishlari olib borildi. Kadrlar tayyorlash uchun o‘quv markazlari, kasb-hunar ta’lim muassasalari, maktab va kollejlar, universitetlarda esa maxsus ixtisoslashgan bo‘limlar tashkil etildi. Malakali xorijiy mutaxassislar taklif qilindi va mahalliy mutaxassislar xorijdagi o‘quv yig‘inlariga yuborildi.
Ta’kidlash joizki, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishdagi yutuqlarga asosan intensiv usullar – ekin navlarini yaxshilash va ularni yetishtirish texnologiyasini modernizasiya qilish orqali erishildi.
Modernizasiyaning keyingi bosqichida, ya’ni 1945-yildan keyin yerdan foydalanish sohasida qat’iy qarorlar qabul qilindi. Taxminan 2 yil ichida yirik yer egaligi butunlay tugatilib, kichik mustaqil fermerlar qatlami yaratildi. Uzoq vaqt davomida (1980-yillarning boshlariga qadar davom etgan) yerni boshqaga berishning qonun bilan qat’iy cheklanganligi sabab, mamlakatda ishlab chiqarish ko‘lami tufayli tejashi va samaradorlikni oshirishi mumkin bo‘lgan yirik fermer xo‘jaliklari shakllanmagan.
Islohotlar umuman olganda, Yaponiya iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir etib, sanoat va shaxsiy iste’molning o‘sishi hisobiga ichki bozorning kengayishiga hissa qo‘shdi. Mamlakatda qishloq xo‘jaligini modernizasiya qilishda Sohaga oid bilimlarini tarqatish bo‘yicha davlat xizmati muhim o‘rin tutadi. U qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida ilmiy va texnologik yutuqlarni tatbiq etish, qishloq xo‘jaligi sohasi uchun kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishda katta rol o‘ynaydi.
Respublikamizda kichik fermer xo‘jaliklari sonining ko‘pligi inobatga olinsa, Yaponiya tajribasini O‘zbekistonga mos, deb hisoblash mumkin. Yaponiyaning qishloq xo‘jaligi uchun kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish tizimi alohida e’tiborga loyiq.