Toshkentda «Markaziy Osiyoda shaharlarning tabiiy ofatlar xavfi va iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish» loyihasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yaponiya hukumati ko‘magida, BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan amalga oshiriladigan loyiha Markaziy Osiyo shaharlarining iqlim o‘zgarishlariga bardoshliligini oshirishga qaratilgan.
O‘zbekistonda ushbu loyiha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Loyihaning 2024-2027 yillar uchun umumiy byudjeti 5 million dollardan ziyodni tashkil etadi.
BMT Taraqqiyot dasturi matbuot xizmati qayd etishicha, Markaziy Osiyo zilzila, suv toshqini, qurg‘oqchilik, qor ko‘chkisi, yer ko‘chishi kabi tabiiy ofatlar hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar qarshisida zaif hududlardan biri hisoblanadi. O‘tgan o‘n yil mobaynida bu ofatlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi va millionlab odamlarga zarar yetkazdi.
Iqlim o‘zgarishi ekotizimlar, suv resurslari va ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazayotgan bir paytda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va iqlimga chidamlilik strategiyalarini takomillashtirish talab etilmoqda. Loyiha ayni shu ehtiyoj zamirida yo‘lga qo‘yilmoqda.
«Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, asr oxiriga borib Markaziy Osiyoda o‘rtacha harorat 3-5°S darajaga oshishi mumkin. Bu qor qoplamini kamaytiradi, gidrologik jarayonlarni o‘zgartiradi va suv toshqinlari, chang bo‘ronlari va qurg‘oqchilik kabi ekstremal ob-havo hodisalari xavfini oshiradi, bu esa mintaqa ekotizimlari va iqtisodiyotiga yukni oshiradi. Yuqorida tilga olingan muammolarni yengish uchun oldimizda uzoq yo‘l bor. Ammo shuni ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyoda mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash va sa’y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan bunday loyihalar tabiat bilan uyg‘unlikda barqaror rivojlanishga erishish imkonini beradi», – dedi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov loyihaning dastlabki yig‘ilishida.
«Yaponiya tabiiy ofatlar (zilzilalar, to‘fonlar va suv toshqinlari) bilan kurashish bo‘yicha boy tarixga ega mamlakat bo‘lib, loyihaga ofat xavfini kamaytirish bo‘yicha ilg‘or bilim va texnologiyalarni taqdim etadi. Ushbu uchrashuv hamkorlarning tajriba almashishi, muammolarni muhokama qilish, hamkorlikni mustahkamlash va yangi potensial sohalarni aniqlash imkonini beradi», – dedi Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori.
«Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyodagi atrof-muhit, ekologik muvozanat va ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarga jiddiy tahdid solmoqda. Mintaqada kuzatilayotgan jadal urbanizasiya iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun shahar infratuzilmasi va rejalashtirish iqlim o‘zgarishiga bardoshlilik strategiyalarini o‘z ichiga olishini taqozo etadi», – dedi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii xonim.
Yaponiya hukumatining yordami va shaharlarni barqaror rivojlantirish yagona konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha mintaqaning iqlim muammolariga qarshi kurashida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.