Bugun 9 noyabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

Yaponiya ayiqlar hujumi kuchayishi sababli lisenziyalangan ovchilarni joriy qilishni rejalashtirmoqda

Yaponiya ayiqlar hujumi kuchayishi sababli lisenziyalangan ovchilarni joriy qilishni rejalashtirmoqda

Yaponiya hukumati mamlakat bo‘ylab ayiqlar hujumlari soni ortib borayotganiga qarshi kurashish maqsadida yangi lisenziyaga ega ovchilarni jalb etish rejalarini e’lon qildi.

Vazirlar mahkamasi bosh kotibi Minoru Kixara ta’kidlashicha, ayniqsa mamlakatning shimoliy hududlarida ayiqlar soni sezilarli darajada ko‘paygan. Aprel oyidan beri ularning hujumlari 12 nafar insonning hayotiga zomin bo‘lgan va bu jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda, deb yozadi The Japan Times.

Ekologiya, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, ichki ishlar, transport va mudofaa vazirliklari hamda Jamoat xavfsizligi milliy komissiyasi vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda hujumlarga qarshi kurash choralari muhokama qilindi. Favqulodda holatlarda ayiq otish huquqiga ega xodimlar sonini ko‘paytirish, mahalliy lisenziyaga ega ovchilarni jalb qilish va bu maqsadlar uchun qo‘shimcha byudjet mablag‘larini ajratish taklifi ilgari surildi.

Ta’lim vaziri Yoxey Masumoto ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda hatto maktab hovlilarida ham ayiqlar kuzatilmoqda. U bolalar xavfsizligini ta’minlash muhimligini aytib, maktablarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish uchun mahalliy polisiya bo‘limlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.

Mudofaa vaziri Sindziro Koidzumining so‘zlariga ko‘ra, aprel–sentyabr oylarida ayiqlar hujumida 19 kishi yaralangan, halok bo‘lgan holatlar asosan Akita prefekturasida qayd etilgan. Harbiylar bu hududlarda ayiqlarni qo‘lga olish ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Yaponiya Atrof-muhit vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning aprel oyidan buyon ayiq hujumlari natijasida 12 kishi halok bo‘lgan, o‘tgan yilning shu davrida esa atigi 3 kishi qurbon bo‘lgan.

Kiritildi: 21:41 31.10.2025. O'qildi: 801 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!