Yaponiyadagi aeroport xodimlari 30 yilda bironta ham yo‘lovchining yukini yo‘qotishmadi va rekord o‘rnatishdi, deb xabar berdi Daily Mail.
Osaka ko‘rfazidagi sun’iy orolda qurilgan Kansay xalqaro aeroporti har kuni millionlab yo‘lovchilar va ularning jomadonlariga xizmat ko‘rsatadi. Xususan, 2023 yilda aeroport orqali 10 milliondan ortiq bagaj o‘tgan va ularning bittasi ham yo‘qolmagan. Shuning uchun Kansay sakkiz marta «Jahonning eng yaxshi bagaj yetkazib berish aeroporti» sifatida Skytrax World Airport Awards nominasiyasi g‘olibi bo‘lgan.
«Yapon mo‘’jizasi»ning siri — rasmiyatchilik va mas’uliyatda. Har bir sumka uch martadan tekshiriladi, mo‘rt buyumlar qo‘lda olib kelinadi, jomadonda namlikni payqashsa, xodimlar uni yaxshilab artib quritishadi.
Afsuski, shunday zo‘r aeroport yildan-yilga cho‘kib bormoqda. 14 milliard dollar sarflab ikkita sun’iy orolda qurilgan aeroport 11,5 metrga pasaygan — bu muhandislar yarim asr uchun qilgan hisob-kitobdan ko‘p.
Ulkan inshootning beton ustunlari yumshoq dengiz tubiga botib bormoqda. Uchish-qo‘nish yo‘laklariga dengiz suvi xavf solmoqda.