Bugun 12 may, 2025 yil, dushanba

КИР

Yapon olimlari qandli diabetni davolashning yangi usulini topdi

Yapon olimlari qandli diabetni davolashning yangi usulini topdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, hozir dunyoda 500 milliondan ziyod kishi qandli diabet kasalligidan aziyat chekmoqda. Xavotirli jihati, 2050 borib, bu ko‘rsatkich 1,5 milliard nafarga yetishi mumkin.

Shu bois hozir ushbu xastalikning samarali davosini topishga katta kuch va resurslar safarbar etilmoqda.

Bunday tadqiqotlardan navbatdagisi yapon olimlariga tegishli bo‘ldi. Uning natijalariga doir hisobot yaqinda “Nature” ilmiy nashrida chop etildi.

Qandli diabetning 2-turini davolashga qaratilgan mazkur izlanishlarda ichak mikroflorasi va unda yashovchi bakteriyalar haqida so‘z boradi.

Tadqiqot davomida 300 nafar insonning ichak tizimidan olingan bakteriyalar tekshirildi. Ma’lum bo‘lishicha, organizmdagi insulinga nisbatan yuqori qarshilik ichakda monosaxaridlar ko‘pligi bilan izohlanadi.

Navbatdagi bosqichda mikrofloradan olingan mikroorganizmlar tarkibi hamda axlatdagi uglevodlar darajasi o‘rganildi. Aniqlanishicha, insulinga chidamliligi yuqori bo‘lgan odamlarning ichak florasi Lachnospiraceae bakteriyalariga boy.

Bacteroidales guruhiga kiruvchi bakteriyalar ustunlik qiluvchi ichak mikroflorasida esa insulin qarshiligi va monosaxaridlar darajasi pasayadi.

Mazkur tadqiqot natijasida topilgan yangi muolaja usuli hozircha laboratoriya sharoitida, jonivorlarda sinovdan o‘tkazildi.

Yapon olimlari endi bu jarayonga qandli diabetdan aziyat chekayotgan bemorlarni ko‘ngilli sifatida jalb qilishni rejalashtirmoqda. Uning natijalariga ko‘ra, yakuniy xulosalar e’lon qilinadi.

Kiritildi: 11:39 25.09.2023. O'qildi: 2622 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!