Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o‘zgartirilgan) uylash maqsadida to‘y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so‘ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv o‘tkazilib, to‘y kuni belgilanishi kutilayotgan kunlarning birida qishloq bo‘ylab mamlakat bo‘yicha karantin e’lon qilinganligi, shu sababli cheklovlar o‘rnatilishi haqida vahimali xabarlar tarqaldi. Hamma o‘zidan shubhalana boshladi. Ko‘ngilga to‘y ham sig‘may qoldi. Shu sabab ikki yoshning nikoh to‘yi o‘z vaqtida o‘tkazilmay qolib ketadi.
Toshkentdagi tanishuv...
Shundan so‘ng kuyov bo‘lmish imkoniyatdan foydalanibnikoh to‘yiga ko‘proq pul topish maqsadida Toshkentga ketadi. O‘zi avval ishlagan Sirg‘ali tumanidagi novvoyxonalardan biriga joylashadi. Bu yerda Yangiyo‘l tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan, turmushidan ajragan Zulxumor Umarova bilan yaqindan tanishib, muhabbat rishtalarini bog‘laydi. Ikki sevishganning munosabatlari jiddiylashib, Murodning taklifi bilan may oyida shar’iy nikoh asosida oila quriladi. Shundan so‘ng novvoyxonaga yaqin uylardan birini ijaraga olishib, birga yashay boshlaydilar.
Jizzaxdagi qidiruv...
Biroq, 2020-yilning 29-sentyabr kuni Murod dabdurustdan Toshkentda ishlari yurishmayotgani, shu sababli Jizzaxga ishlash uchun ketayotganini aytib uyidan chiqib ketadi. Ana shundan keyin sevishganlar o‘rtasiga sovuqchilik tusha boshlaydi. Murod qo‘ng‘iroqlarga umuman javob bermay qo‘yadi. Bundan shubhalana boshlagan Zulxumor Murodga begona raqamlardan ham qo‘ng‘iroq qilib ko‘radi. Shunday paytlarda u qaytib qo‘ng‘iroq qilib yuborishini aytib, telefonlarini o‘chirib qo‘yadi.
Murod uning qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘yganidan so‘ng, Zulxumor uni izlab topish maqsadida Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasiga eri bir necha kun oldin Toshkentdan Jizzaxga novvoychilik qilish uchun chiqib ketib, bedarak yo‘qolganini, topib berishlarini so‘rab murojaat qiladi. Biroq natija bo‘lmagach, erini qidirib topish maqsadida o‘zi ham yo‘lga tushadi. Jizzaxga borib, bir necha kun sarson- sargardon bo‘lib yurishiga qaramasdan hech qanday natija bo‘lmaydi. Murod yerda ham, ko‘kda ham yo‘q. Taqdirga tan berib, uyga qaytayotganida Murodning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, ayni paytda Buxoroda ekanligini, xavotir olmasligini aytib, uyga qaytishini so‘raydi.
Chaqaloq yig‘isi tug‘dirgan shubha...
Zulxumor Umarova,
sudlanuvchi:
- 20 oktyabr kuni Murodga yana qo‘ng‘iroq qildim. Shunda u tomondan chaqaloq yig‘isini eshitdim. Rashkim kelib, undan qayerdaligini, chaqaloq kimning farzandi ekanini so‘radim. U esa yonidagi ayollardan birini bolasining ovozi ekanligini aytib, jahl bilan telefonni o‘chirib qo‘ydi. Bunday munosabatdan asabiylashib, uning opasiga qo‘ng‘iroq qildim. Opasi bilan gaplashganimda ukasi yaqinda uylanayotganini, to‘y yaqinligini aytdi. Shunda haqiqatan aldanganligimni bildim. Yolg‘on va’dalari, hayotimni barbod qilgani uchun xo‘rligim kelib, undan qasd olish yo‘llarini izladim. Biroq shunda ham bu gaplar yolg‘on bo‘lsaydi, degim kelardi. Vaqtni cho‘zmasdan yanada aniqlik kiritish uchun Andijonga borish rejasini tuzdim va tanishim Dilyorga qo‘ng‘iroq qilib, onam betobligini, shu sababli uning holidan xabar olish uchun borib kelishim kerakligini aytib, yo‘lda sherik bo‘lishini so‘radim. Avvaliga u ko‘nmadi. Lekin bir amallab roziligini olib, yo‘lga chiqdik.
Murodga qo‘ng‘iroq qilib, uyini topib kelganligimni, ayni paytda darvozasi oldida turganimni, o‘zi chiqmasa ota-onasining oldiga kirishimni aytdim. Shundan so‘ng u uyidan chiqib, biz kelgan mashinaga o‘tirdi. Birgalikda profilaktika inspektori xonasiga bordik. Murod mashinadan tushiboq meni yaxshi ko‘rishini, majburan uydagilar uchun uylanayotganligini, bir oz sabr qilib, to‘y o‘tishini kutib turishimni so‘radi. Qayta-qayta kelinni uydagilarga topshirib, 10-15 kundan so‘ng Toshkentga qaytib borishini aytib, tinchlantirishga harakat qildi. Shunda undan ikki-uch soat vaqtini ajratishini so‘radim. U rozi bo‘ldi va shaharga yo‘l oldik...
Yashirin reja...
Ayol Murodning bergan va’dalarini eslab, sharmanda bo‘lgan holatda uyiga qaytishni istamaydi. Undan nafratlanib, Andijon shahridagi qurilish mollari do‘kondan yog‘och sopli pichoq sotib oladi. Kurtkasining ichiga yashirib erini jazolash maqsadida reja tuzadi. Juftlik ko‘chalarni aylanib, dala maydoniga kirib suhbatlashib o‘tirishadi. Shu payt Murod egnidagi oq rangli jemperini yechib, g‘o‘zapoyaga ilib qo‘ygan, Zulxumor esa egnidagi kostyumini yechib yerga tashlab, Murodga o‘girilgan holatda o‘tirishini, yelkalarini uqalab qo‘yishini aytadi. Yigit o‘girilganida esa orqa biqin sohasiga ikki marta pichoq sanchadi. Shunda Murod u tomonga qayrilib, bo‘ynidan bo‘g‘ib, qo‘lidagi pichoqni olmoqchi bo‘lganida, chap yelka sohasiga yana bir marta pichoq urgan.
“Boshqa ayolga berib qo‘yishni istamaganim uchun...”
— U holsizlanib, yerga o‘tirib qoldi. Tanadan pichoqni olib, paxtazor tomonga uloqtirdim va uni boshqa ayolga berib qo‘yishni istamaganim uchun shunday qilishga majbur bo‘lganini aytib, undan uzr so‘radim. U esa tez yordam chaqirib, u yerdan ketishimni, bo‘lgan holatni hech kimga aytmasdan, o‘zimga tegishli bo‘lgan barcha narsalarni olib ketishimni aytdi, - deydi sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.
Sud hukmi qanday bo‘ldi?
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi Umarjon Mirzaabdullayev tomonidanko‘rib chiqilganjinoyat ishi yakunlari bo‘yicha Zulxumor Umarova Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qotillik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangan.
Ota-onasining duosini olib, shirindan-shakar farzandlarni voyaga yetkazishi mumkin bo‘lgan Murod o‘z xatosi tufayli bu dunyoni tark etdi. To‘yga to‘yona bilan kelishi kerak bo‘lgan odamlar esa uning janozasiga yig‘ilib keldi.
Manba: darakchi.uz