Bu haqda Reuters xabar berdi.
Mamlakat ichki ishlar vaziri Bruk van Veldenning bayonotiga ko‘ra, 2027 yilning ikkinchi yarmidan boshlab Yangi Zelandiya fuqaroligini olmoqchi bo‘lgan migrantlar uchun majburiy test joriy etiladi. Mazkur imtihon davlat boshqaruvi va inson huquqlari kabi mavzularni qamrab oladi.
Test ingliz tilida, an’anaviy shaklda o‘tkaziladi va 20 ta ko‘p variantli savoldan iborat bo‘ladi. Muvaffaqiyatli o‘tish uchun kamida 15 ta savolga to‘g‘ri javob berish talab etiladi. Savollar Inson huquqlari to‘g‘risidagi qonun, saylov huquqi, demokratik tamoyillar va hukumat tuzilishi kabi sohalarga oid bo‘ladi.
Hozirda fuqarolikka da’vogarlar faqat o‘z majburiyatlarini tushunishlari haqidagi deklarasiyani imzolashadi. Yangi tartib esa bo‘lajak fuqarolarning Yangi Zelandiya qadriyatlari, jumladan so‘z erkinligi va qonun ustuvorligi haqida yetarli bilimga ega bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan. Yangi Zelandiya Ichki ishlar vazirligi ayni damda testning batafsil tafsilotlari ustida ish olib bormoqda, deyiladi bayonotda.