Bugun 30 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Yangi qonun tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi

Yangi qonun tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi

Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyoti izchil rivojlanishining muhim omili bu tadbirkorlik faoliyati bo‘lib, jamiyatimiz ijtimoiy va siyosiy barqarorligining kafolati hisoblanadi. Yurtimizda iqtisodiyotning o‘sishini tezlashtirish maqsadida tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgan bo‘lib, keyingi yillarda tadbirkorlik yo‘nalishiga doir ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ushbu qabul qilingan hujjatlar sohani yanada rivojlantirish, tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilishning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.

Joriy yilning 14 aprel kunidan qonuniy kuchga kirgan “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni ham tadbirkorlik sub’ektlari manfaatini ko‘zlagan bo‘lib, bundan oldingi bankrotlik munosabatlarini tartibga soluvchi “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonundan tubdan farq qilgan holda iqtisodiy nochor ahvolga tushib qolgan korxonalarga o‘z faoliyatini qayta tashkil etish va to‘lov qobiliyatini tiklash imkonini berishni nazarda tutadi. “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonun esa o‘z nomi bilan korxonani bankrot deb topish va uni tugatishga qaratilgan bo‘lib, iqtisodiyotni rivojlanishi natijasida yuzaga kelayotgan yangi munosabatlarni tartibga solishni o‘zida aks ettirmagan edi.

“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishidan maqsad iqtisodiy jihatdan nochor holatga kelib qolgan tadbirkorlik sub’ektlarini tugatib yuborish emas, balki ularni moliyaviy jihatdan sog‘lomlashtirish bilan birga ularning faoliyatini qayta tiklashga yo‘naltirilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Ushbu qonunning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, korxonaga nisbatan sog‘lomlashtirish taomillarini qo‘llashni rag‘batlantirish maqsadida mazkur jarayonda soliq to‘lovlarini to‘xtatib turish, tijorat banklari va moliya institutlaridan kreditlarni jalb qilish, qarzdorlik qisman qoplanganda esa korxona faoliyatini kreditorlar roziligi bilan tiklash to‘g‘risidagi normalarning kiritilganligidir.

Muxtasar aytganda, xalqimiz farovon hayotini ta’minlashda muhim o‘rin tutayotgan tadbirkorlikni davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganligi haqiqiy bozor munosabatlaridan tarkib topib, ishbilarmonlik muhitining yaxshilanib borishiga ko‘mak bermoqda.

Kiritildi: 19:05 18.05.2022. O'qildi: 1480 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!