Serfarzand xalqmiz. Shuning uchun ham yurtimizda uy-joyga ehtiyoj katta. Bu esa davlatimiz rahbari e’tiboridan chetda qolmagan. Jurnalist Yulduz Isoqova telegramdagi kanalida quyidagi maqolani chop etdi.
Shu maqsadda Prezidentimizning bevosita tashabbusi va tegishli qarorlari bilan respublikamizning barcha hududlarida arzon uy-joylar qurilayotgani aholining uy-joyga muhtoj qatlamining mushkulini oson qilmoqda. Mazkur ishlar, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyatalab oilalarning cheksiz quvonchiga sabab bo‘ldi, desak adashmaymiz. Axir necha-nechalab oilalarning yillik orzusi ro‘yobga chiqib, ular boshpanali bo‘lishyapti.
Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining 2016 yil 22 noyabrdagi 2017-2021 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida gi qaroriga muvofiq, poytaxtimizning har bir tumanida 20 tadan, jami 200 dan ortiq 7 va 9 qavatli ko‘p xonadonli uy-joylar qurilmoqda. Bu mavzelar barcha ijtimoiy ob’ektlar bilan ta’minlanib, muhandislik tarmoqlariga ulanishi, uylar atrofi obodonlashtirilishi belgilangan.
Ushbu ezgu ishlar natijasida poytaxtimizning Sergeli tumanida qisqa vaqtda yangi massiv paydo bo‘ldi. Ayni paytda bu yerda ko‘plab uylar qurib bitkazildi va o‘z egalariga topshirildi. 1, 2 va 3 xonali uylar aholiga imtiyozli kredit asosida berildi va hamon topshirilmoqda. Quvonarlisi, uylar atrofida maktabgacha ta’lim muassasasi, umumta’lim maktabi, oilaviy poliklinikalar barpo etildi. Albatta, bunday imkoniyatlardan, davlat ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlikdan yangi uy egalarining boshi osmonga yetgani aniq. Biroq tanganing ikkinchi tomonidagi holat ko‘ngilni xira qilmay qolmaydi.
Ayni kunlarda Sergeli tumanida yangi qurilgan uylarning narxi oshgani va bu shu yerlik aholining noroziligiga sabab bo‘lgani haqida turli xabar hamda videolar tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan avtobusdagi ayollarning dod-voyi va arzi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Biz ham mavzuni o‘rganish maqsadida Sergeli tumaniga yo‘l oldik va chindan ham norozi aholi yangi qurilgan uylari oldida mutasaddilardan javob va izohlar talab qilayotgan holat ustidan chiqdik. Bunda ko‘p qavatli turar-joy egalari ipoteka to‘lovidan norozi bo‘lib, kredit to‘lovi miqdori oshib ketgani uchun O‘zshaharqurilishinvest MCHJ IK bilan asosiy shartnomani imzolashdan bosh tortishmoqda.
Eng qizig‘i, murojaatchilar o‘z muammosini aytish bilan kifoyalanmoqda. Javobga kelganda esa eshitish degan so‘zni unutib qo‘yishmoqda.
Albatta, bu kabi holatlar muammolarning yechimiga xizmat qilmasligini barchamiz yaxshi bilamiz, lekin ayni damda uylarining narxi oshganidan norozi aholi bu tushunchadan biroz yiroqdek tuyildi bizga.
Aholini savolga tutganimizda esa hammasi narx oshganidan norozi ekani, xonadonlarda yashab kelayotganlar asosiy shartnoma uzoq muddatga tuzilmagani, endilikda aynan oshirilgan narxlar bilan uni imzolash taklif etilayotganini aytishdi. Mutasaddilar esa bu gaplarga aniq javob bermay, mas’uliyatni bir-biriga ag‘darishmoqda.
Shu o‘rinda bir narsani unutmasligimiz kerak, har doim muammoning yechimi madaniyatli insonlardek savolga javobni eshitishdir. Lekin ko‘rib turgan holatimiz buning aksi edi.
To‘g‘ri, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarning orzusi ulashish arafasida uy-joy narxining bunday oshishi ularni g‘azablantirgan, biroq vaziyat... Balki, aholi o‘z vaqtila ogohlantirilganda, shu kabi tushunmovchiliklar yuzaga kelmasmidi?..
MUTASADDILAR NIMA DEYDI?
10 aprel kuni vakolatli tashkilotlar mutaxassis va rahbarlari hamda uy-joy egalari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Sergeli tumanida qurilgan va 2018 yildan buyon foydalanishda bo‘lgan xonadonlar taqdiri borasida fikr almashildi. Xususan, aholi uy-joyni sotib olish bo‘yicha asosiy shartnoma nega oshirilgan narxda taqdim etilayotgani haqida so‘radi.
O‘zshaharqurilishinvest MCHJ IK ma’lumotiga ko‘ra, Prezident qarori bilan Toshkent shahrida 5940 ta xonadonga mo‘ljallangan 150 ta ko‘p kvartirali uy qurish belgilangan. Shundan 229,5 milliard so‘m pul mablag‘lari fuqarolarning boshlang‘ich badal pullari evaziga shakllantirilishi nazarda tutilgan.
Loyiha hujjatlariga asosan, kvartiraning maydoniga nisbatan bir kvadrat metrning taxminiy bahosi 2841170 so‘m etib belgilangan.