«Rosneft» kompaniyasiga qarashli Novokuybishevsk neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ) 19 oktyabr kuni uchuvchisiz uchish qurilmalari (dronlar) hujumidan so‘ng neftni boshlang‘ich qayta ishlash jarayonini to‘xtatdi, deb xabar berdi Reuters agentligi sohadagi ikki manbaga tayanib.
Yiliga 8,3 million tonna neft qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan va Samara viloyatidagi «Rosneft» guruhiga kiradigan zavod yakshanba kuni dronlar hujumiga uchradi. Hujumdan keyin yuzaga kelgan yong‘in sababli zavoddagi ikki asosiy boshlang‘ich qayta ishlash qurilmasi — kuniga 18,9 ming tonna neft qayta ishlaydigan AVT-11 va 4,7 ming tonna quvvatga ega AVT-9 — to‘xtatilgan.
Manbalarning ma’lum qilishicha, o‘tgan yili zavod 1,1 million tonna benzin va 1,6 million tonna dizel yoqilg‘isi ishlab chiqargan va faoliyatni taxminan noyabr boshlarida qayta tiklashi mumkin.
Avgust oyida ham dronlar hujumi sabab «Rosneft»ning Samara guruhiga kiradigan yana ikki zavod — Kuybishevsk va Sizran neftni qayta ishlash zavodlari — ishini to‘xtatgandi. So‘nggi uch oy ichida Uraldan to Boltiqbo‘yi hududigacha joylashgan 20 dan ortiq neftni qayta ishlash zavodi dron hujumlariga uchragan.
Bundan tashqari, oktyabr oyida Leningrad viloyatida joylashgan va neft qayta ishlash hajmi bo‘yicha Rossiyada ikkinchi o‘rinda turgan «Kirishinefteorgsintez» zavodi ham quvvatining 40 foizini to‘xtatgan. Reuters manbalari ta’mirlash ishlari 3–4 hafta davom etishini bildirgan. Shuningdek, dron hujumlariga Yaroslavldagi «Slavneft-YANOS», Tuapsedagi «Rosneft»ga tegishli NQIZ va Orenburg viloyatidagi «Orsknefteorgsintez» zavodlari ham uchragan.
Bu holat benzin yetkazib berishda uzilishlarga sabab bo‘ldi. Avval Uzoq Sharq va Qrimda kuzatilgan muammolar oktyabr oyiga kelib Rossiyaning 57 hududiga tarqaldi.
Xalqaro energetika agentligi (MEA) baholashicha, Ukraina dronlari ta’siri natijasida Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi taxminan 10 foizga kamaygan — ya’ni kunlik 5 million barrelgacha tushgan. MEA prognoziga ko‘ra, Rossiya neftni qayta ishlash tarmog‘i avvalgi quvvatiga 2026 yilning ikkinchi yarmidagina qaytishi mumkin.