Yamanning Aden shahridagi prezident saroyiga husiylar tomonidan raketa hujumi uyushtirilishi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, 16 kishi jarohatlandi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayanib, «Yemen Onlayn» xabar berdi.
Yaman axborot vaziri Muammar al-Iryoniyning aytishicha, «Al-Ma’ashiq» saroyiga beshta ballistik raketa kelib tushgan. Bosh vazir Shaya az-Zindaniy va boshqa vazirlar jabrlanmagan.
Husiylar hujum Adendagi Saudiya Arabistoni bilan bog‘liq harbiy shtabga qaratilganini bildirgan. Yaman bosh vaziri hujumni qoralab, harbiy operasiyalar davom etishini ta’kidlagan.
Mojaro so‘nggi oylarda Qizil dengiz sohili va Bob al-Mandab bo‘g‘ozi atrofida kuchaygan. Yaman Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 6 avgustdan beri janglarda kamida 1282 kishi halok bo‘lgan, 5890 kishi jarohatlangan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 201 ming kishi uyini tark etishga majbur bo‘lgan.