Yaman Milliy inson huquqlari komissiyasi AQShning Eronning Hormozgon viloyati, Sirik tumanidagi to‘y marosimiga bergan zarbasini keskin qoraladi.
Komissiya bayonotida o‘nlab tinch aholining halok bo‘lishi va jarohatlanishiga olib kelgan hujum «to‘liq harbiy jinoyat» ekani, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq va Jeneva konvensiyalarining buzilishi bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
Yaman tomoni tinch aholi o‘limi va jarohatlari uchun AQShni javobgar deb hisoblab, hodisani zudlik bilan mustaqil xalqaro tergov qilishga hamda hujum uchun mas’ullarni xalqaro sudlar orqali javobgarlikka tortishga chaqirdi.
Komissiya BMT, BMT Inson huquqlari kengashi va boshqa xalqaro tashkilotlarni ham hodisa yuzasidan aniq pozisiya bildirishga chaqirdi.
Hormozgon viloyati hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh tomonidan Sirik tumanidagi Kuhestak shahrida turar joylar va to‘y marosimi o‘tkazilayotgan hududga berilgan zarba oqibatida kamida 4 kishi halok bo‘lgan, 50 kishi jarohatlangan.
Hormozgon gubernatorining siyosiy, xavfsizlik va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Ahmad Nafisiyning ma’lum qilishicha, jarohatlanganlarning ayrimlariga joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan, boshqalari esa ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam olish uchun Minab kasalxonasiga olib ketilgan.
Uning ta’kidlashicha, ayrim jabrlanganlarning ahvoli og‘ir bo‘lgani sababli qurbonlar soni ortishi mumkin. Hodisa bo‘yicha yakuniy ma’lumotlar tergov ishlari yakunlanganidan so‘ng e’lon qilinadi.