Aholi o‘rtasida xizmatlardan onlayn tarzda foydalanishni ommalashtirish va rag‘batlantirish maqsadida Davlat xizmatlari agentligi tomonidan elektron xizmatlarining 100 000-foydalanuvchisini mukofotlash va’dasi bilan tanlov e’lon qilingan edi. Bu haqda Agentlik o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
AKT vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, u — qizi Zamira Abdupattoyevani bolalar bog‘chasiga joylashtirish uchun murojaat qilgan Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yashovchi Ergashev Sohibjon Abdupattoyevich bo‘lib chiqdi va zamonaviy planshet bilan mukofotlandi.
Mamalakatimizda internetdan foydalanish bir xil emasligiga qaramasdan, olis aholi punktida istiqomat qiluvchi fuqaroning mazkur tanlovda g‘olib bo‘lishi, fuqarolar elektron xizmatlardan foydalanishi oson, qulay va tejamliligini anglaganliklaridan dalolat. Hatto uzoq hududlar fuqarolari ham bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini tushunishi, elektron xizmatlardan foydalanishga qaratilgan targ‘ibot ishlari sezilarli natijalarni berayotganini anglatadi.
Shunday ekan, innovasiya va axborot texnologiya davrida davlat xizmatlarini elektron shaklda olish, uni ko‘rsatish vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi hamda qulayligi bilan farqlanadi. Mazkur sohaning yanada rivojlanishi fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini oshirishga, aholining ko‘rsatilgan xizmatlardan roziligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Manba: xs.uz