Mashqlar davomida Rossiya harbiy-dengiz kuchlari NATO bilan ehtimoliy ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda Yevropa davlatlariga qarshi yadroviy zarbalar berishni amaliyot qildi. Buni 2008-2014 yillarda tayyorlangan, Financial Times jurnalistlari ko‘rib chiqqan maxfiy hujjatlar tasdiqlaydi.
Rossiya zobitlari uchun tayyorlangan hujjatlar oddiy va yadroviy kallaklarni olib yurishga qodir raketalar uchun mo‘ljallangan nishonlar ro‘yxatini o‘z ichiga oladi.
Rossiya Boltiq floti Norvegiya va Germaniyadagi nishonlarga hujum qilishi kerak. Bularga Bergendagi harbiy-dengiz bazasi, shuningdek, radar stansiyalari va maxsus kuchlar ob’ektlari kiradi. Shimoliy flot mudofaa sanoati ob’ektlariga, jumladan, Britaniya Barrow-in-Furnessdagi kemasozlik zavodiga zarba berishi mumkin, bu yerda harbiy kemalar va suv osti kemalari qurilgan.
Hujjatlarda NATO bilan ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda asosiy ustuvorlik dushmanning harbiy va iqtisodiy salohiyatini zaiflashtirishdir. Ular, shuningdek, «namoyishli zarba» variantini - «G‘arb davlatlarini qo‘rqitish» uchun chekka hududda yadroviy qurolni portlatish variantini eslatib o‘tadilar. Bunday zarba «aniqlik bilan boshqariladigan strategik bo‘lmagan yadroviy qurollarning mavjudligi va ulardan foydalanishga tayyorligini» namoyish etadi.
Hujjatlarda, shuningdek, mojaroning dastlabki bosqichida yadro qurolidan foydalanish afzalligi qayd etilib, flotning yuqori manevr qobiliyati turli yo‘nalishlardan to‘satdan va ommaviy zarbalar berish imkonini berishi ta’kidlanadi. Shu bilan birga, yadro qurolini boshqa yo‘q qilish vositalari bilan birgalikda qo‘llash kerakligi ko‘rsatilgan.
Nashrning qayd etishicha, ssenariylar orasida Xitoy, Eron, Ozarbayjon va Shimoliy Koreya kabi davlatlar bilan urushlar mavjud.