O‘zbekiston xorijda olingan ta’limni tan olish bo‘yicha global konvensiyaga qo‘shilmoqda.
Bu haqda Qonunchilik palatasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyani (Parij, 2019 yil 25 noyabr) ratifikasiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur hujjat — Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy ta’lim sohasiga oid birinchi global shartnomasi bo‘lib, u dunyo bo‘ylab oliy ta’lim muassasalariga kirish va ular o‘rtasida akademik mobillikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Qonunda ta’lim hujjatlari va malakalarni tan olishning universal tamoyillari belgilangan bo‘lib, u adolatli, shaffof va kamsitilmaydigan asosda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Ratifikasiya natijasida xorijda olingan diplom va malakalarni tan olish jarayoni yanada yengillashadi, bu esa o‘z navbatida talabalar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning xalqaro miqyosda erkin harakatlanishiga keng imkoniyat yaratadi.
Shu bilan birga, ushbu konvensiya O‘zbekistonga ta’lim sohasidagi yetakchi davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy hamkorlik va akademik almashinuvlarni kengaytirish imkonini ham beradi.