Bugun 30 aprel, 2026 yil, payshanba

КИР

Xorazmda qariyb 2,2 milliard so‘m qarz: nega korxona to‘lovdan bo‘yin tovladi?

Xorazmda qariyb 2,2 milliard so‘m qarz: nega korxona to‘lovdan bo‘yin tovladi?

Urganch tumanida gaz ta’minoti korxonasi foydasiga yirik miqdordagi mablag‘ undirildi. Qariyb 2,2 milliard so‘mlik qarzdorlikni to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan korxona hisobraqamlariga nisbatan majburiy choralar ko‘rildi.

Urganch tumanlararo iqtisodiy sudining qaroriga asosan, «Jayxun yo‘llardan muntazam foydalanish» korxonasi «Hududgazta’minot» AJ oldida yuzaga kelgan 2,2 milliard so‘mlik debitor qarzdorligini to‘lashi belgilangan edi. Biroq, korxona rahbariyati tomonidan mazkur majburiyat belgilangan muddatlarda bajarilmadi.


Ijro hujjatlari Majburiy ijro byurosining (MIB) Urganch tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, davlat ijrochisi A.Bektasov tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishildi.

Dastlab, qarzdor korxona rahbari bilan tushuntirish ishlari olib borildi va qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish uchun qonuniy muddat berildi. Biroq, ogohlantirishlar samarasiz yakunlangach, byuro xodimlari qat’iy choralar ko‘rishga majbur bo‘ldi.

Majburiy ijro doirasida «Jayxun yo‘llardan muntazam foydalanish» korxonasining barcha bank hisobraqamlariga band solindi, shuningdek, korxona tasarrufidagi mol-mulklar xatlovga olindi.
Ko‘rilgan tezkor va qat’iy choralar natijasida qarzdor korxona nihoyat 2,2 milliard so‘mlik gaz uchun bo‘lgan qarzdorlikni to‘liq qoplashga erishdi. Mablag‘lar belgilangan tartibda undiruvchi — «Hududgazta’minot» AJ hisobiga o‘tkazib berildi.

Kiritildi: Bugun 18:41. O'qildi: 318 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!