Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Ijroiya qo‘mitasi Rossiya Olimpiya qo‘mitasi a’zoligini to‘xtatib turish qarorini vaqtincha bekor qildi. Shu bilan birga, rossiyalik sportchilar xalqaro musobaqalarga qaytishi uchun kuchaytirilgan antidoping talablarini bajarishi lozim bo‘ladi.
XOQ ma’lum qilishicha, avval Rossiya sportchilarining xalqaro musobaqalarda ishtirokini cheklash bo‘yicha berilgan tavsiyalar endi amal qilmaydi.
Qo‘mitaga ko‘ra, mazkur qaror Rossiya Olimpiya qo‘mitasi XOQ Ukraina Milliy olimpiya qo‘mitasi yurisdiksiyasiga kiritadigan hududlardagi mintaqaviy sport tashkilotlarini o‘z tarkibidan chiqarganidan keyin qabul qilingan. Shuningdek, Rossiya tomoni bu hududlarda faoliyat yuritmayotganini va kelgusida ham bunday faoliyat olib bormasligini tasdiqlagan.
Shu bilan birga, XOQ rossiyalik sportchilarning xalqaro musobaqalarga qaytishi uchun bir qator shartlarni saqlab qoldi. Ular kuchaytirilgan antidoping talablariga rioya qilishi, Xalqaro test agentligi test dasturiga kiritilishi va musobaqalarga qo‘yilishidan oldin bir necha marta tekshiruvdan o‘tishi kerak. Testlarning muddati va tartibi xalqaro sport federasiyalari tomonidan belgilanadi.
XOQ, shuningdek, Rossiya hududida musobaqalar o‘tkazish, Rossiya davlat vakillarini taklif etish, davlat bayrog‘i, madhiyasi va boshqa davlat ramzlaridan foydalanish masalalari xalqaro sport federasiyalari hamda turnir tashkilotchilari vakolatida qolishini ta’kidladi.
Qo‘mita o‘z tadbirlarini Rossiyada o‘tkazmasligi va ularga Rossiya davlat organlari vakillarini taklif qilmasligini ham ma’lum qildi.