Bugun 8 may, 2025 yil, payshanba

КИР

Xitoy kompaniyasi husiylarni qo‘llab-quvvatlayaptimi?

Xitoy kompaniyasi husiylarni qo‘llab-quvvatlayaptimi?

Qo‘shma Shtatlar Xitoyning «Changuan kosmik sun’iy yo‘ldosh texnologiyasi» kompaniyasini sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali Yamandagi husiylar harakatini qo‘llab-quvvatlaganlikda aybladi.

Reuters xabariga ko‘ra, 17 aprel kuni AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus ushbu kompaniya husiylarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam ko‘rsatayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy hukumati bu masala bo‘yicha AQShga murojaat qilganiga qaramay, kompaniyani qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.

“Bu Xitoyning “tinchlikni qo‘llab-quvvatlaydi” degan bayonoti asossiz ekanligini isbotlaydi”, – dedi u.

Dastlab Bryus kompaniya husiylarga qanday aniq yordam ko‘rsatganini aytmadi. Biroq keyinroq u “xitoylik kompaniya husiylarga sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini taqdim etgani”ga aniqlik kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, husiylar Qizil dengiz va Adan ko‘rfazidagi kemalarga 2023 yil noyabr oyida hujum qila boshlagan. Xusiylar bu hujumlarni G‘azo sektoridagi falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirayotganliklarini aytishgan. Ushbu hujumlar Suvaysh kanali orqali yuk tashishni to‘xtatib, ko‘plab kompaniyalarni Afrika janubi orqali aylanma yo‘ldan o‘tishga majbur qildi. Natijada yuk tashish narxi keskin oshdi.

Eslatib o‘tamiz, Changuan kosmik sun’iy yo‘ldosh texnologiyasi 2023 yilda AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan edi. Buning sababi u Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida muhim rol o‘ynagan “Vagner guruhi”ni sun’iy yo‘ldoshdan yuqori aniqlikdagi suratlar bilan ta’minlashda gumon qilinayotgani bilan bog‘liq. Yuqorida tilga olingan Vagner guruhi keyinchalik ichki sabablarga ko‘ra tarqalib ketdi.

Kiritildi: 23:27 18.04.2025. O'qildi: 1025 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!