Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Xitoy dunyosi: davlatlar Pekinga tobora qaram bo‘lyapti

Xitoy dunyosi: davlatlar Pekinga tobora qaram bo‘lyapti

O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi qolgan deyarli barcha davlatlar Xitoydan eng ko‘p qarz oluvchi 50 ta mamlakat qatoridan joy olgan. Gazeta.ru yozishicha, oxirgi 10 yil ichida Xitoy rivojlanayotgan va o‘tish davridagi mamlakatlarga kredit berishni keskin ko‘paytirgan.

Maqola Xitoyning kredit siyosati va uning orqasida turgan manfaatlar haqida bo‘lgani uchun uni axborot hamkorimiz Tarjumon.uz to‘liq tarjima qildi.

Xitoy kreditlarining bir xususiyati shuki, kreditlar asosan Xitoy kompaniyalari amalga oshiradigan yirik loyihalarga beriladi. Shuningdek, u loyihalarda ishlayotganlar ham asosan xitoyliklardan iborat bo‘lishi kerak. Bunday siyosat yangi sheriklarni yetaklab olib keladi. Va albatta pul ham keltiradi.

Xitoy o‘z ta’sirini oshirishga intilmayotgani, faqatgina butun dunyodagi infratuzilmani rivojlantirmoqchi ekanini doimo ta’kidlab keladi. «Ushbu rivojlanish qaysi bosqichgacha yetib borishidan qat’i nazar, Xitoy hech qachon gegemonlik qilishga intilmaydi», – deya XXR raisi Si Szinpinning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda «Sinxua» agentligi.

Qarzdor taraf majburiyatlarini bajara olmay qolgan holatlarda Xitoy qurilgan ob’ekt infratuzilmasidan foydalanishni boshlaydi – albatta, abadiy emas, faqat vaqtincha, ammo bu bir necha hafta degani ham emas. Masalan, yangi portni qurish uchun olgan qarzini to‘lolmagan Shri-Lanka uni Xitoyga 99 yilga topshirishga majbur bo‘ldi.

Xitoy hukumatiga strategik muhim portni bir asrga ijaraga olish 292 097 400 dollarga tushdi. Bunday holat yana bir necha marta takrorlanishi ehtimoli juda ham yuqori.

Harvardning Jahon iqtisodiyoti instituti va Myunxen universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra Xitoydan eng ko‘p qarz oluvchi 50 ta davlat ro‘yxatiga Rossiyaning muhim ittifoqchilari: Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ham kirgan. Xitoyning sobiq ittifoq davlatlariga faol ravishda kredit berishi Yevrosiyo makonida «Bir makon – bir yo‘l» (Yangi ipak yo‘li) loyihasi doirasida, Xitoy va Yevropa ittifoqi o‘rtasida ko‘prik sifatidagi muhim rolidan kelib chiqadi. Jamini olganda, tahlilchilarning ma’lumotiga ko‘ra, boshqa davlatlarga berilgan kreditlar hajmi 5 trln. dollarga yaqinlashdi – bu Jahon banki va XVJ portfelidan ikki baravar ko‘pdir. Xitoy yirik qarz beruvchiga aylandi.

Shunday qilib, Minskning Pekin oldidagi qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 13 foizni tashkil etadi. 6 avgust kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Xitoy kompaniyalariga mamlakatda infratuzilma loyihalarini amalga oshirishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga chaqirdi. Xususan, Minskda basseyn va stadion qurish haqida gap ketmoqda va buni Pekin beg‘araz amalga oshirishga rozi bo‘ldi. To‘g‘ri, bu vaziyatda Xitoy rasmiylarining altruizm va umuman xitoyliklarning sportni rivojlantirish g‘oyalariga sadoqati to‘g‘risida mulohaza bildirish qiyin.

May oyida Belarus hukumati Xitoyning kredit tashkiloti bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolanganini e’lon qildi. «Xitoy taraqqiyot banki hukumatga qarz beradi va bu arzigulik hajmdagi qarz bo‘lib, 0,5-0,6 milliard dollar miqdorida bo‘ladi», – degan edi Belarusning o‘sha paytdagi moliya vaziri Maksim Yermolovich va bu pullar Rossiya kreditiga muqobil bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab o‘tgandi.

Rossiyaning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidagi yana bir hamkori bo‘lgan Qirg‘iziston Pekin eng ko‘p qarz bergan beshta mamlakat qatoriga kiradi (Jibuti, Tonga, Maldiv orollari va Kongo Respublikasi bilan birga). Tadqiqotchilarga ko‘ra, Qirg‘izistonning Xitoydan qarzi o‘z yalpi ichki mahsulotining 30 foizini tashkil etadi. Turkmanistonda qarzlar ulushi Belarusnikidan (taxminan 6,7 milliard dollar) yuqori, Tojikistonda u yalpi ichki mahsulotning 15 foiziga teng, O‘zbekistonda esa 5 foizdan oshadi. Rossiyaning eng yaqin sheriklari orasida faqat Armaniston va Qozog‘iston Pekindan YAIMning 5 foizidan kam miqdorda qarzdor.

Xitoyning Yevropadagi asosiy sheriklaridan biri bo‘lgan Serbiya yaqin yillarda yirik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun milliardlab yevro sarmoyalarni jalb etish niyatida, bu haqida iyul oyi o‘rtalarida davlat infratuzilma vaziri Zorana Mixaylovich bayonot berdi. Reutersma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Pekinning Serbiya iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasi 5 milliard yevroga teng. Makedoniyagacha bo‘lgan temiryo‘l liniyasini xitoyliklar mablag‘i bilan rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda – Xitoyning yo‘llar va ko‘priklar qurish bo‘yicha korporasiyasi loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanmoqda. Loyihaga qariyb 600 million yevro sarflanishi kutilmoqda.

«Xitoy, shuningdek, Afrikadagi eng yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda», – deb yozadi Bloomberg, bunda Pekinning mablag‘i Afrikaning eng yirik neft ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Nigeriyani ikki tomonlama kreditlashning 80 foiziga to‘g‘ri keladi.

Xitoy temiryo‘llar, elektr stansiyalari va aeroportlar qurilishiga sarmoya kiritmoqda va o‘z navbatida bunyodkorlik ishlarini Xitoy kompaniyalari bajarmoqda.

The Africa Report ma’lumotlariga ko‘ra, Efiopiya Xitoydan 2019 yil boshida 12 milliard dollar qarzdor edi. To‘g‘ri, bu vaziyatlardan xavotirda bo‘lgan Pekin xalqaro hamjamiyatning bosimi ostida ushbu qarzni bekor qilishga rozi bo‘ldi. Ammo Afrikaning boshqa davlatlari bunday saxiylikni faqat orzu qilishlari mumkin – masalan, Keniya 2006 yildan 2017 yilgacha Pekindan 9,5 milliard dollar qarz olgan.

Endi mamlakat rahbariyati xitoylik sheriklaridan Mombasa va Nayrobi o‘rtasida temiryo‘l qurilishi uchun qo‘shimcha mablag‘ olishga umid qilmoqda, loyihaning umumiy investision hajmi 10 milliard dollarni tashkil qiladi va Keniyaning yordamisiz bu ishni uddalay olmaydi.

Afrikalik mutaxassislar oxir-oqibat bu temiryo‘lning taqdiri Shri-Lankadagi portnikiga o‘xshamasaydi degan xavotirga tushishmoqda, chunki bu keng miqyosli loyiha yaqin orada o‘zini qoplolmaydi. Jubilee Debt Campaign mutaxassislari hisobiga ko‘ra Afrika mamlakatlarining tashqi qarzining 20 foizi Xitoyga to‘g‘ri keladi va 2012 yildan keyin bu ko‘rsatkich yiliga qariyb 10 milliard dollarga o‘sgan. Hukumatlarning hammasi ham bu qarzlarni to‘lashga qodir emas.

Shu sababli Xitoyning farovonligi deyarli buzilmas poydevorga ega – o‘nlab yirik infratuzilma loyihalari va dunyoning ko‘plab mamlakatlari Pekin hisobidan yashab kelmoqda.

Kiritildi: 07:30 09.08.2019. O'qildi: 3386 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!