Pekin cho‘l hududlarida qurilgan ushbu maketlardan uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollarni sinashda va Tayvan atrofidagi ehtimoliy mojaroga tayyorgarlik ko‘rishda foydalanmoqda. Bu haqda Xitoyning turli hududlaridagi poligonlarda olingan sun’iy yo‘ldosh suratlariga tayanib Business Insider xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Xitoy uzoq vaqtdan beri nafaqat AQSh harbiy kemalari, balki ularning aviabazalari, qiruvchi samolyotlari, harbiy-dengiz bazalari va hatto Tayvan poytaxti Taypeydagi hukumat kvartalining modellarini ham qurib kelmoqda.
Ekspertlar fikricha, ular Tayvan poytaxtini shturm qilish ssenariylarini mashq qilishga mo‘ljallangan. Janes kompaniyasi tahlilchisi Shon O'Konnorning ta’kidlashicha, harbiylar amalda real sharoitlarga maksimal darajada tayyorgarlik ko‘rishni mashq qilmoqda.
Xitoy Yaponiyadagi “Yokosuka” va Tayvandagi “Suao” harbiy-dengiz bazalarining nusxalariga ham ega. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarga ko‘ra, Pekin u yerda kemalar va prichallarning nusxalariga zarbalar berib, raketa sinovlarini o‘tkazgan. Mutaxassislar bunday mashg‘ulotlar uzoq masofali qurollar, xususan, gipertovushli kemaga qarshi raketalar va ballistik majmualarning samaradorligini tekshirish imkonini beradi, deb hisoblaydi.
Ta’kidlanishicha, real ob’ektlarning maketlarida o‘tkazilayotgan bunday mashg‘ulotlar nafaqat amaliy, balki psixologik vazifani ham o‘taydi. Amerikalik harbiy ekspert Tomas Shugartning so‘zlariga ko‘ra, bunday poligonlarning namoyish etilishi Yaponiya, AQSh va Tayvan uchun Xitoyning ehtimoliy harbiy qarama-qarshilikka tayyor ekani haqidagi signaldir.