Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga o‘z hududini himoya qilishda u yoki bu tarzda yordam beradi.
Bu haqda Pentagon kotibi Pit Xegset Singapurga tashrifi chog‘ida jurnalistlarga ma’lum qilgan.
"Biz ularning (Ukraina) o‘zlarini himoya qila olishlarini istaymiz va biz ularga bunda yordam berish yo‘lini topamiz", dedi u.
Avvalroq Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampga Ukraina Qurolli Kuchlari uchun havo mudofaasi tizimlari va raketalarining yetishmasligi haqida xat yozgan edi.
Xegset yangi ta’minot bo‘yicha hech qanday va’da bermadi, ammo AQSh Kiyevga iloji boricha yordam berayotganini va Yevropa ittifoqchilarining Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdagi muhim hissasini ta’kidladi.
"Biz barcha turdagi muhim o‘q-dorilarni ishlab chiqarishga yondashuvimizni o‘zgartirmoqdamiz, shunda bizning kompaniyalarimiz nafaqat biroz ko‘proq, balki butun dunyo bo‘ylab sezilarli darajada ko‘proq ta’minlaydi", deb qo‘shimcha qildi Xegset.