AQSh prezidentligiga Demokratik partiyadan nomzod Kamala Xarris kelasi hafta Vashingtonga tashrif buyurganida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi. Avvalroq Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp Zelenskiy bilan ehtimoliy uchrashuv haqida ma’lum qilgandi.
Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Xarrisga Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv "tashqi siyosat profilini kengaytirish" uchun kerak. Bloomberg materialida aytilishicha, Vladimir Zelenskiy AQShga tashrifi chog‘ida prezident Jo Bayden bilan mojaroni hal qilish rejasini bo‘lishmoqchi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti ham Xarris va Tramp bilan "o‘z rejalarini baham ko‘rishga tayyor".
Bundan tashqari, Bloomberg manbalarining ta’kidlashicha, Vladimir Zelenskiy Qo‘shma Shtatlardagi uchrashuvlarda "NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishni", shuningdek, iqtisodiy va xavfsizlik kelishuvlarini talab qilishni rejalashtirmoqda. Ukraina prezidenti, shuningdek, zamonaviyroq qurollar yetkazib berish masalasini muhokama qilmoqchi.
Avvalroq Donald Tramp Reuters jurnalisti bilan suhbatda kelasi hafta Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishi mumkinligini aytgandi. U tafsilotlarni keltirmadi. 18 sentyabr kuni Vashingtonda Kamala Xarris va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida rejalashtirilgan uchrashuv haqida CNN manbalarga tayanib yozdi.
Vladimir Zelenskiy AQShga tashrifi doirasida BMT Bosh Assambleyasining Oliy darajadagi haftaligida nutq so‘zlashi hamda AQSh prezidenti Jo Bayden va har ikki partiya kongressi a’zolari bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Zelenskiy 2022 yil fevralidan beri ikkinchi marta AQShga boradi. Uning Vashingtonga so‘nggi tashrifi 2022 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan.