Qo‘shma Shtatlar BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari orasida tarqatgan G‘azo sektori bo‘yicha rezolyusiya loyihasi qabul qilinsa, anklavdagi vaziyatni yaxshilamaydi.
Bu haqda XAMAS vakili Hazim Qosim Al Jazeera telekanaliga ma’lum qildi.
"AQSh rezolyusiya loyihasining o‘zgartirish va asosiy qoidalari G‘azodagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan emas", — dedi u. Qosimning so‘zlariga ko‘ra, AQSh rezolyusiyasiga muqobil hujjat "o‘t ochishni to‘xtatish rejimini mustahkamlovchi va G‘azo sektorida xalqaro tinchlikparvar kuchlarni shakllantirishga [ijozat beradi]" hujjat bo‘ladi.
XAMAS vakilining ta’kidlashicha, harakat BMT Xavfsizlik Kengashining G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil va Quddusga qarshi "Isroil agressiyasining oldini olish" va Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini ta’minlaydigan rezolyusiyani ma’qullashini talab qilmoqda.
Xavfsizlik Kengashi 17 noyabr kuni AQSh tomonidan tayyorlangan G‘azo sektori bo‘yicha rezolyusiya loyihasini ovozga qo‘yadi.