AQSh prezidentining maxsus elchisi Stiv Vitkoff Ukraina va Amerika delegasiyalari o‘rtasida «tinchlik rejasi» bo‘yicha bo‘lib o‘tgan besh soatlik muzokaralar davomida «katta yutuqlar»ga erishilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, muzokaralar dushanba kuni ham davom etadi.
«Evropacha pravda» nashrining xabar berishicha, Vitkoff bu haqda 14 dekabr kuni kechqurun X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida ma’lum qilgan.
Uning ta’kidlashicha, Berlindagi muzokaralar besh soatdan ortiq davom etgan va unda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Stiv Vitkoff, Jared Kushner hamda Ukraina va AQShning kengaytirilgan delegasiyalari ishtirok etgan.
«Tomonlar 20 banddan iborat tinchlik rejasi, iqtisodiy masalalar va boshqa qator yo‘nalishlar bo‘yicha batafsil muhokamalar o‘tkazdi. Muhim yutuqlarga erishildi», — dedi Vitkoff va uchrashuv 15 dekabr kuni ertalab davom etishini qo‘shimcha qildi.
Bundan avval Ukraina prezidenti maslahatchisi Dmitriy Litvin ham muzokaralar besh soatdan ortiq davom etganini va dushanba kuni ertalab qayta boshlanishini ma’lum qilgan edi.
Uchrashuvning ochilish qismida Germaniya kansleri Fridrix Mers ishtirok etgan, shundan so‘ng Ukraina va AQSh vakillari muzokaralarni uning ishtirokisiz davom ettirishgan.
Ma’lum qilinishicha, AQSh tomonidan Berlinda uchrashuv o‘tkazish taklifi chorshanba kuni Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tgan keskin telefon muloqotidan so‘ng paydo bo‘lgan. Ushbu suhbatda tomonlar tinchlik jarayoni bo‘yicha mavjud kelishmovchiliklarni bartaraf etishga uringan.