Olmaliq kombinati yiliga 9 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilmoqda. Bu – kombinat atrofida joylashgan 5 ta shahar va tuman uchun katta imkoniyat.
Shu munosabat bilan “Sanoat uchburchagi”ga kiruvchi tuman va shaharlarda kamida 5 tadan korxonani jalb qilib, keyingi yil kombinat importini 25 million dollarga kamaytirish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, “Sanoat uchburchagi” hududida 1 ming 100 ta korxona ishlayapti. Yangi loyihalar hisobiga 2-3 yilda ular 1,5 mingga yetadi.
Mutasaddilarga keyingi yil bu korxonalar uchun Angren, Olmaliq shaharlari va Ohangaron tumanida 50 million dollarlik 3 ta yirik logistika markazini tashkil qilish topshirildi.
Viloyat, tuman va shaharlar hokimlariga “Sanoat uchburchagi” dasturi doirasida bir yilda 1,3 milliard dollarlik 230 ta loyihani ishga tushirish, buni hisobiga 13 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratib, ularga kambag‘al oilalardan kamida 5 ming kishini ishga joylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.