Vengriya parlamenti mamlakatning Xalqaro jinoiy sud (XJS) tarkibidan chiqishi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘pchilik ovoz bilan ma’qulladi. Mamlakat 1999 yilda XJSning ta’sis hujjati bo‘lgan Rim statutini imzolagan va 2001 yilda uni ratifikasiya qilgan.
XJS tarkibidan chiqish to‘g‘risidagi qonun loyihasini 134 parlament a’zosi qo‘llab-quvvatladi, parlamentning 37 a’zosi esa qarshi ovoz berdi, deb xabar bermoqda Reuters. Shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi qaror Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi yozma xabarnoma olgandan keyin bir yil o‘tgach kuchga kiradi.
Vengriya hukumati qonun loyihasini 3 aprel kuni parlamentga taqdim etdi. Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto hujjatni taqdim etar ekan, XJS o‘ta siyosiylashgani va turli davlatlar undan xalqaro mojarolarda o‘z maqsadlariga erishish uchun foydalanayotgani haqida fikr bildirdi, deb yozadi “TASS”.
Xalqaro mahkamadan chiqish haqidagi qaror Vengriya rasmiylari tomonidan xalqaro sud Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni hibsga olishga order berganidan keyin qabul qilingan. Vengriya XJS "nafaqat o‘zini, balki butun xalqaro tizimni obro‘sizlantirgan" deb hisoblaydi. O‘sha oy Netanyaxu hibsga olish orderini e’tiborsiz qoldirib, Vengriyaga tashrif buyurdi.