Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirish uchun ovoz bergan Budapesht Yevropa rasmiylaridan Ukrainadagi energetika infratuzilmasining ahamiyati haqida bayonot olishga erishdi. DW qo‘lga kiritgan mazkur hujjatda Yevrokomissiya «Ukraina bilan gaz quvurlari tizimi orqali yetkazib berishni muhokama qilishni davom ettirishga tayyor» ekanligini aytib, ushbu masalada Vengriya va Slovakiyani ham jalb etishga va’da bergan. Shuningdek, Ukrainadan YEIga neft yetkazib berish kafolatlarini ta’minlashni so‘rashni rejalashtirgan.
Budapesht ushbu bayonotdan mamnunligini bildirgan bo‘lsada, undagi aniq kelishuvlar haqida gapirish qiyin. Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiyning fikricha, Rossiyaga moyil bo‘lgan Budapeshtning fikrini o‘zgartirishda Donald Trampning roli katta. «U ijtimoiy tarmog‘ida Vladimir Putinni tajovuzkor deb atadi va sanksiyalar bilan tahdid qildi. Umid qilamanki, vengriya rahbariyati sanksiyalarning donoligini anglab yetdi», — dedi diplomat.
AQShdagi Germaniya Marshall jamg‘armasi xodimi Jujanna Veg ham ushbu fikrni qo‘llab-quvvatladi. «Orban Trampning urushga shunday aralashishini kutgandiki, bu harakat Putinga ham, o‘ziga ham foyda keltirsin», — deydi u. Ammo Trampning pozisiyasi Vengriya uchun kutilmagan bo‘lib, Orban sanksiyalarga qarshi gapirishda ohangini yumshatishga majbur bo‘ldi. Endi esa u Moskva va Vashington bilan munosabatlarini ehtiyotkorlik bilan yo‘lga qo‘yishi kerak, deya qo‘shimcha qildi ekspert.
Natijada, YEI sanksiyalari amal qilishda davom etadi. Ushbu sanksiyalar Rossiyani urush uchun sarflashi mumkin bo‘lgan 400 milliard dollardan mahrum qildi. Ammo yangi ovoz berish atigi olti oy ichida bo‘lib o‘tadi, ya’ni Budapesht yoki boshqa bir davlat bu vaziyatdan yana foydalanishga urinishi mumkin. Ilgari ham Orban hukumati sanksiyalarni ko‘rib chiqishni yangi AQSh ma’muriyati Putinga qanday munosabatda bo‘lishiga qarab ko‘tarib chiqqan edi.