Venesuela hukumati Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) bilan aloqalar tiklanganidan so‘ng o‘z aktivlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu haqda XVJ rasmiy vakili Juli Kozak jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilgan.
Uning aytishicha, Venesuelaga XVJda ajratilgan SDR (maxsus qarz huquqlari, fondning hisob-kitob birligi) taxminan 4,9 milliard dollarga teng. "Fond Venesuela bilan hamkorlikni tiklaganidan so‘ng, mamlakat hokimiyati o‘z SDRlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi", — degan u.
Kozak ta’kidlaganidek, Venesuela hukumati legitimligini tan olish masalasida fond "XVJda ko‘pchilik ovozni tashkil qiluvchi xalqaro jamoatchilik fikriga asoslanadi".
Avvalroq AQSh Moliya vaziri Skott Bessent Reuters agentligiga bergan intervyusida, AQSh hukumati XVJda bloklangan Venesuela SDRlarini xorijiy valyutaga aylantirishni rejalashtirayotganini, bu mablag‘larni mamlakat iqtisodiyotini tiklashda ishlatishini ma’lum qilgan edi.