Bugun 7 avgust, 2025 yil, payshanba

КИР

Vasiylik vakolatlari hokimlardan olinib, «Inson» markazlariga o‘tkaziladi

Vasiylik vakolatlari hokimlardan olinib, «Inson» markazlariga o‘tkaziladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini kuchaytirish va jarayonlarni shaffoflashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonun loyihasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy bo‘linmalari yetim hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum qolgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish va turli muqobil joylashtirish shakllarini amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.

Hujjatga ko‘ra, bolalar tarbiyasi, ta’limi va sog‘lig‘ini asrash bo‘yicha mas’ul shaxslar o‘z majburiyatlarini bajarmasa, ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Shuningdek, vasiy yoki homiy tayinlash vakolati hokimlardan olib, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi direktorlariga beriladi.

Loyiha notariuslar zimmasiga ham yangi majburiyat yuklaydi — farzandlikka olish, vasiylik yoki homiylik bo‘yicha imzo tasdiqlangan holatda bu haqda «Inson» markazlariga ma’lumot yetkazilishi shart bo‘ladi. Shu bilan birga, vasiylar vasiylik organi ruxsatisiz vasiylikdagi shaxs nomidan meros yoki hadyadan voz kecha olmaydi.

Aliment miqdorini kamaytirishga oid ishlar ko‘rilayotganda bola manfaatlarini himoya qilish maqsadida «Inson» markazi vakillarining majburiy ishtirok etishi belgilangan. Shuningdek, yetim bolani yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolani doimiy ro‘yxatga qo‘yishda davlat boji to‘lanmaydi.

Deputatlar qonun loyihasi qabul qilinishi bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishda muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi.

Kiritildi: 16:13 05.08.2025. O'qildi: 380 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!